Sud hujjatlarining elektron nusxasini qanday olish mumkin

Endilikda fuqarolar va tashkilotlar sud organlariga bevosita bormasdan turib, zarur sud hujjatlarining elektron nusxasini olishlari mumkin. Bu haqda Oliy sud matbuot xizmati ma’lum qildi.
Portal Oliy sudning Raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt departamenti tomonidan ishlab chiqilgan. Yangilangan tizim sud xizmatlaridan foydalanishni soddalashtirish va odil sudlovga erishish imkoniyatini kengaytirishga qaratilgan.
Mazkur xizmat prezidentning sudlar faoliyatiga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish hamda sud tizimining moddiy-texnik ta’minotini yaxshilashga oid farmoni ijrosi doirasida yo‘lga qo‘yildi. Yangi interaktiv xizmat orqali jismoniy va yuridik shaxslar sud hujjatlaridan elektron nusxa olish uchun onlayn murojaat yuborishi mumkin. Advokatlar va vakolatli vakillar ham ushbu imkoniyatdan foydalana oladi.
Shuningdek, foydalanuvchilar sud ishlariga yoki mehnat faoliyatiga oid hujjatlar bilan joyida tanishish uchun ham elektron ariza yuborishlari mumkin.
Buning uchun foydalanuvchi my.sud.uz portaliga kiradi. Keyin shaxsiy kabinet yoki interaktiv xizmatlar bo‘limidan kerakli raqamli sud xizmatini tanlaydi. Xizmat murojaat holatini onlayn kuzatish imkonini ham beradi. Bu fuqarolar va tadbirkorlik subyektlarining vaqtini tejaydi hamda sud organlariga ortiqcha borib-kelish zaruratini kamaytiradi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Beshariqda pora olgan profilaktika inspektori qamalgani haqida yozgan edi.