Tadbirkorlarga garovsiz mikrokredit miqdori 200 mln so‘mgacha oshiriladi

1-iyuldan ijobiy kredit tarixiga ega tadbirkorlar uchun mikrokreditning garovsiz qismi 100 mln so‘mdan 200 mln so‘mgacha oshiriladi. Bu haqda prezidentning kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlashga oid qarorida keltirilgan.
Qarorga ko‘ra, 1-iyulgacha kredit arizasi berish va bir nechta bank takliflarini olish imkonini beruvchi raqamli moliyaviy platforma ishga tushiriladi.
Banklar mahallalar ixtisoslashuvi va «o‘sish nuqtalari»ni hisobga olgan holda biznes g‘oyalar uchun «AI maslahatchi» dasturini ham yo‘lga qo‘yadi.
Shuningdek, kichik biznes subyektlariga 5 mlrd so‘mgacha kredit bo‘yicha foiz xarajatlarini qoplash uchun kompensatsiya beriladi.
Har yili yuqori natijaga erishgan 100 nafar tadbirkorga raqamlashtirish, xalqaro standartlar va yashil texnologiyalar uchun 300 mln so‘mgacha grant ajratiladi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 2,2 mln fuqaro o‘z nomiga kredit olishni taqiqladi. Kredit-axborot tahliliy markaziga ko‘ra, O‘zbekistonda fuqarolarning o‘z nomiga kredit rasmiylashtirilishini cheklash imkonini beruvchi «kreditga taqiq» xizmatidan foydalanuvchilar soni 2 milliondan oshdi.
Mazkur xizmat fuqarolarga o‘z nomiga bank yoki mikrokredit tashkilotlarida kredit shartnomasi tuzilishini vaqtincha yoki to‘liq cheklash imkonini beradi. Tahlillarga ko‘ra, xizmatdan foydalanishda erkaklar ulushi ustun bo‘lib, jami foydalanuvchilarning 58 foizini tashkil etadi. Ayollar esa 42 foiz atrofida.