Gaz quvurlarini ko‘chirish uchun arizalar elektron shaklda qabul qilinadi

Endilikda gaz tarmoqlarini ko‘chirish, rekonstruksiya qilish hamda gaz uskunalariga texnik xizmat ko‘rsatish uchun arizalarni masofadan turib yuborish mumkin bo‘ladi. Bu xizmat Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida (my.gov.uz) ishga tushirildi.
Yangi tizim orqali qurilayotgan uy-joy yoki boshqa obyektlarda gaz quvurlarining joylashuvini o‘zgartirish, gaz tarmoqlarini qurish va rekonstruksiya qilish bo‘yicha murojaat yuborish imkoniyati yaratildi.
Bundan tashqari, aholi va korxonalar gaz plitalari, qozonlar, isitish pechlari, hisoblagichlar hamda gaz ballonlariga profilaktik va texnik xizmat ko‘rsatish uchun ham onlayn buyurtma bera oladi.
Mutaxassislar tomonidan gaz sizib chiqishi ehtimoli, shlang va ulanish joylari, ventilyatsiya tizimi, tutun chiqarish yo‘llari hamda gaz hisoblagichlarining texnik holati tekshiriladi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, xizmatlarni ko‘rsatish muddati 9 ish kunigacha etib belgilangan. Xizmat narxi esa murojaatchi bilan tuziladigan shartnoma asosida aniqlanadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan tug‘ilganlik haqidagi ma’lumotnomani onlayn olish imkoniyati yaratilgani haqida yozgandi.