Shavkat Mirziyoyev Chirchiqda bir nechta korxona faoliyati bilan tanishdi

eʼlon qilindi
Korxona Rossiyaning «VR Plast» kompaniyasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan
Mirziyoyev «NovoPlast TPE» korxonasi faoliyati bilan tanishdi
Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev «Chirchiq» kimyo-industrial texnoparkida joylashgan bir nechta korxonada bo‘ldi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.

Mirziyoyev dastavval «Chirchiq» kimyo-industrial texnoparkida faoliyat yuritayotgan «Kmita Polymers» korxonasiga tashrif buyurdi. Korxona Rossiyaning Polymers kompaniyasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan. Loyiha maxsus va keng assortimentdagi polietilen plyonka mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan.

Korxona 6,67 ming kvadrat metr maydonni egallagan. Bu yerda Italiyaning zamonaviy texnologik uskunalari asosida polimer va termoqisqaruvchi plyonka mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda. Loyihaning ishga tushirilishi hisobiga $9,5 mlnlik import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarilishi ta’minlanmoqda.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Kmita Polymers ikki bosqichli kengaytirish dasturi asosida rivojlantirilmoqda. Investitsiyalarning umumiy qiymati $15,2 mlnni tashkil etadi. Birinchi bosqichda $7,4 mln investitsiya o‘zlashtirilgan. Loyiha doirasida 50 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Keyingi bosqichlarda ish o‘rinlari soni yana oshishi kutilmoqda.

2025-yilda korxonada 115 mlrd so‘mlik mahsulot ishlab chiqarildi. Shu davrda $6 mlnlik mahsulot Markaziy Osiyo davlatlariga eksport qilingan.

Mirziyoyev NovoPlast TPE korxonasi faoliyati bilan tanishdi

Foto: Prezident matbuot xizmati

NovoPlast TPE korxonasi Rossiyaning «VR Plast» kompaniyasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan. Loyiha 4,2 ming kvadrat metr maydonda amalga oshirilgan. Uning umumiy qiymati $5,4 mlnni tashkil qiladi.

Korxonada termoelastomerlar, eshik va romlar uchun zichlagichlar ishlab chiqariladi. Shuningdek, texnik va oziq-ovqat sanoati uchun shlanglar ham tayyorlanadi. Qurilish hamda elektrotexnika tarmoqlari uchun turli polimer mahsulotlar ham ishlab chiqarilmoqda.

Korxona tarkibida zamonaviy tadqiqot markazi ham mavjud. Unda Osiyo va Yevropa bozorlari talablariga mos yangi termoelastoplast retsepturalari ishlab chiqilmoqda. Tayyor granulalar, zichlagichlar va yuqori bosimli shlanglar xalqaro standartlar asosida sinovdan o‘tkaziladi.

Loyiha doirasida 58 ta yangi ish o‘rni yaratildi. O‘tgan yil yakunlariga ko‘ra, korxonada 103 mlrd so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilgan. Shuningdek, $5 mlnlik mahsulot eksport qilingan. Korxona import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarishda ham muhim natija ko‘rsatgan. 2025-yilda bu yerda $8,5 mlnlik import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar tayyorlangan.

Kelgusida NovoPlast TPE ishlab chiqarish hajmini 177 mlrd so‘mga yetkazishni rejalashtirmoqda. Korxona eksport ulushini 60 foizgacha oshirishni ham maqsad qilgan.

BCG Group OZ mahsulotlari 5 ta davlatga eksport qilinmoqda

Foto: Prezident matbuot xizmati

Maishiy va avtomobil kimyosi kundalik turmushda, shuningdek, transport vositalariga texnik xizmat ko‘rsatishda qo‘llaniladi. Avval bu turdagi mahsulotlarning katta qismi import qilingan. Bugungi kunda esa mahalliy ishlab chiqarish bosqichma-bosqich kengaymoqda.

BCG Group OZ korxonasi Rossiyalik hamkor bilan tashkil etilgan. Loyiha umumiy qiymati $6 mlnni tashkil qiladi. Korxonada 80 dan ortiq yangi ish o‘rni yaratilgan.

Korxona 80 dan ortiq turdagi mahsulot ishlab chiqaradi. Ular orasida avtokimyo va avtokosmetika vositalari bor. Shuningdek, mehmonxona, restoran va sanoat uchun professional klining vositalari ham tayyorlanadi.

O‘tgan yilda korxonada 176 mlrd so‘mlik mahsulot ishlab chiqarildi. Shu davrda $2,6 mlnlik mahsulot eksport qilindi. Korxona $14,7 mlnlik import o‘rnini bosuvchi mahsulot ham ishlab chiqardi.

Mahsulot sifati milliy va xalqaro sertifikatlar bilan tasdiqlangan. Korxona ISO 9001, «Halol» hamda MDH davlatlari sertifikatlariga ega.

Ishlab chiqarish jarayonida sifat nazorati xomashyodan tayyor mahsulotgacha bo‘lgan barcha bosqichlarni qamrab oladi. Laboratoriyada xomashyoning texnik talablarga mosligi tekshiriladi. Shuningdek, mahsulotning qovushqoqligi, pH ko‘rsatkichi, zichligi va samaradorligi nazorat qilinadi.

Hozir korxona mahsulotlari Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston, Tojikiston va Afg‘onistonga eksport qilinmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan prezident madaniyat va san’at fidoyilariga davlat mukofotlarini topshirgani haqida yozgan edi.

Shuningdek