Toshkentdagi ikki oliygoh yangi kimyo klasteri hududiga ko‘chiriladi

eʼlon qilindi
Kelgusi yil yakuniga qadar
Toshkentdagi ikki oliygoh yangi kimyo klasteri hududiga ko‘chiriladi / Foto: Kollaj / Kursiv Uzbekistan

Toshkent kimyo-texnologiya instituti va Mendeleyev nomidagi kimyo-texnologiya universitetining Toshkent filiali poytaxtda tashkil etiladigan 60 gektarlik kimyo sanoati innovatsion klasteri hududiga ko‘chiriladi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev kimyo sanoatini rivojlantirish yuzasidan yig‘ilishda ma’lum qildi.

Sohada ta’lim, ilmiy tadqiqotlar, laboratoriyalar va startaplarni o‘z ichiga olgan yaxlit tizim yaratish rejalashtirilmoqda. Buning uchun Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanida joylashgan 60 gektar yer maydonida Kimyo sanoati uchun innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish va ta’lim klasteri tashkil etiladi.

Mazkur klaster hududida Janubiy Koreya bilan hamkorlikda Kimyo texnologiyalari innovatsiya markazi barpo etiladi. Markazda amalga oshiriladigan tajriba-sinov ishlari bilan bog‘liq xarajatlarning 50 foizi qoplab berilishi belgilandi.

Shuningdek, kelgusi yil yakuniga qadar Toshkent kimyo-texnologiya instituti hamda Mendeleyev nomidagi kimyo-texnologiya universitetining Toshkent filiali ushbu klaster hududiga ko‘chiriladi. Bu esa ta’lim, ilmiy tadqiqot va ishlab chiqarish o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kuchaytirishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Samarqanddagi ayrim oliy ta’lim muassasalari qayta tashkil etilishi haqida xabar bergan edik.

Shuningdek