Paxtachida elektromoped kanalga tushib ketishi oqibatida 4 nafar bola halok bo‘ldi

Samarqand viloyati Paxtachi tumanida elektromopedning «Narpay» kanaliga tushib ketishi oqibatida 4 nafar voyaga yetmagan bola halok bo‘ldi. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, hodisa 31-may kuni soat 20:25 da Paxtachi tumani «Ukrach» MFY hududidan oqib o‘tuvchi «Narpay» kanalida sodir bo‘lgan. «112» tizimi orqali kelib tushgan xabarda yuk tashishga mo‘ljallangan elektromoped haydovchisi boshqaruvni yo‘qotib, unda bo‘lgan fuqarolar bilan birga kanalga tushib ketgani bildirilgan.
Voqea joyiga yetib borgan qutqaruvchilar kanalga tushib ketgan 8 nafar fuqarodan 4 nafari hodisa guvohlari va mahalliy aholi tomonidan qutqarib qolinganini aniqlagan. Shundan so‘ng suvda keng ko‘lamli qidiruv-qutqaruv ishlari tashkil etilgan.
Qutqaruvchilar va aholi hamkorligida olib borilgan qidiruv ishlari davomida qolgan 4 nafar fuqaroning jasadi kanaldan olib chiqilgan. Ularning halok bo‘lgani aniqlangan.
Dastlabki surishtiruvlarga ko‘ra, «Ukrach» MFYda yashovchi, 1984-yilda tug‘ilgan fuqaro o‘z boshqaruvidagi elektromopedga turmush o‘rtog‘i hamda o‘zi va qo‘shnisi bo‘lgan 6 nafar voyaga yetmagan bolani mindirib sayr qilayotgan bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qashqadaryoda FVV ofitseri daryoga tushib ketgan 9 yoshli bolani qutqarib qolgan edi. Xodim ko‘rsatgan jasorati uchun «A’lo xizmatlari uchun» ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.