O‘zbekistonda 4 ming yillik jarrohlik izi topildi

O‘zbekiston hududida bronza davriga oid noyob arxeologik topilma aniqlandi. Turkiyaning «Arkeofili» nashriga ko‘ra, Surxondaryo viloyatidagi Jarqo‘ton yodgorligidan taxminan 4 ming yillik bola bosh suyagi topilgan.
Unda trepanatsiya, ya’ni bosh suyagida jarrohlik amaliyoti o‘tkazilganiga oid izlar saqlanib qolgan. Olimlarning fikricha, bu topilma Markaziy Osiyoda qadimda tibbiy bilimlar rivojlanganini ko‘rsatadi.

Topilma o‘zbek va italiyalik olimlar ishtirokidagi xalqaro ekspeditsiya davomida aniqlangan. Bosh suyagi taxminan besh yoshida vafot etgan bolaga tegishli ekani aytilmoqda.
Mutaxassislar endi bu jarrohlik nima sababdan qilinganini va qadimgi tabiblar qanday usullardan foydalanganini o‘rganadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston – Xitoy arxeologik ekspeditsiyasi Quva shaharchasi devorlarini topgandi. Kashfiyot «Loyan – Farg‘ona» qo‘shma arxeologik ekspeditsiyasi tomonidan amalga oshirildi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bu topilma Buyuk Ipak yo‘li bo‘ylab joylashgan shaharlardan birining rivojlanish tarixi va Sharq bilan G‘arb o‘rtasidagi aloqalarni tasdiqlovchi muhim dalildir.