
O‘zbekiston milliy terma jamoasi va Angliyaning «Manchester Siti» klubi himoyachisi Abduqodir Husanov osiyolik futbolchilar orasida eng yuqori transfer qiymatiga ega o‘yinchiga aylandi.
Transfermarkt portali Angliya Premyer ligasida harakat qiladigan futbolchilarning transfer narxlarini yangiladi. Unga ko‘ra, o‘zbekistonlik 22 yoshli himoyachining narxi 15 mln yevroga qimmatlashib, jami 50 mln yevroni tashkil etdi.

Ushbu ko‘rsatkich bilan Husanov osiyoliklar orasida eng qimmat futbolchiga aylandi. Ro‘yxatda «Manchester Siti» a’zosidan tashqari «Mayns» klubining yaponiyalik o‘yinchisi Kaishu Sano (40 mln), «Real Sosyedad» a’zosi Takefusa Kubo (30 mln) va PSJ klubining koreyalik yarim himoyachisi Li Kan In (28) mln) ham joy olgan.

Kuchli o‘nlikka jami yetti nafar yaponiyalik, ikki nafar janubiy koreyalik va bir nafar o‘zbekistonlik futbolchi kiritildi. Ma’lumot uchun, Husanov o‘tgan mavsumda «Manchester Siti» safida Angliya Liga kubogi hamda Angliya kubogi g‘olibiga aylangan edi.
Avvalroq Kursiv nashri Abduqodir Husanov Angliya kubogi ramziy terma jamoasiga kiritilgani haqida xabar bergan edi.