BAA kompaniyasi O‘zbekistonda zamonaviy shifoxonalar qurishi mumkin

eʼlon qilindi
Buxoro, Samarqand va Toshkent shaharlarida
BAA kompaniyasi O‘zbekistonda zamonaviy shifoxonalar qurishi mumkin / Foto: Arabian Business

BAAning yirik xususiy tibbiyot guruhi NMC Healthcare O‘zbekistonda shifoxonalar va tibbiyot markazlari qurilishiga oid investitsiya loyihalarini o‘rganmoqda. Bu haqda «Dunyo» AA ma’lum qildi.

O‘zbekiston elchixonasi diplomatlari BAAning yirik xususiy tibbiyot guruhi hisoblangan NMC Healthcare kompaniyasi bosh direktori Devid Hedli bilan uchrashuv o‘tkazdi. Muzokaralar davomida O‘zbekistonda tibbiyot tizimini rivojlantirish, xalqaro standartlarni joriy qilish hamda zamonaviy tibbiy uskunalar bilan ta’minlash yo‘nalishida amalga oshirilayotgan islohotlar taqdim etildi.

Shuningdek, kompaniya vakillariga Buxoro, Samarqand va Toshkent shaharlarida davlat-xususiy sheriklik asosida zamonaviy shifoxonalar qurish, mamlakatning chegara hududlarida tibbiyot markazlari hamda klinikalar tashkil etishga oid investitsiya loyihalari taklif qilindi.

Uchrashuv yakunida BAA tomoni taqdim etilgan loyihalarni batafsil o‘rganib chiqishi, ikki hafta ichida ustuvor yo‘nalishni tanlashi va loyiha tahlilini boshlashi bo‘yicha kelishuvga erishildi.

1975-yilda tashkil etilgan NMC Healthcare BAAning eng yirik xususiy tibbiyot guruhlaridan biri sanaladi. Kompaniya tarkibiga 70 ga yaqin tibbiyot muassasasi, jumladan, 9 ta shifoxona va o‘nlab klinikalar kiradi. U 50 dan ortiq tibbiy yo‘nalishlarda har yili 5,5 milliondan ziyod bemorlarga xizmat ko‘rsatadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xususiy klinikalar qurish uchun 200 mln dollarlik imtiyozli kredit liniyasi ochilishi haqida yozgan edik.

Shuningdek