Maktablarda terma jamoa o‘yinlari uchun tomosha maydonlari tashkil etiladi

3-iyun 2026 19:45 eʼlon qilindi

Hafiza Muxtorova

Hafiza Muxtorova

Jurnalist h.muxtorova@kursiv.media
Maktablarda terma jamoa o‘yinlari uchun tomosha maydonlari tashkil etiladi / Foto: Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi

Jahon chempionati o‘yinlari davomida futbol muxlislari uchun maxsus tomosha maydonlari tashkil etilmoqda. Bu haqda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi ma’lum qildi.

Joriy yilning iyun – iyul oylarida o‘tkaziladigan futbol bo‘yicha jahon chempionatida O‘zbekiston terma jamoasini qo‘llab-quvvatlash maqsadida mamlakat bo‘ylab «Muxlislar maydoni» loyihasi yo‘lga qo‘yiladi. Loyiha doirasida 208 ta tuman va shahardagi umumta’lim maktablari tanlab olingan.

Mazkur maktablarda futbol uchrashuvlarini tomosha qilish uchun zarur sharoitlar yaratiladi. O‘quvchilar, ota-onalar hamda boshqa fuqarolar O‘zbekiston terma jamoasining jahon chempionatidagi o‘yinlarini katta ekranlar orqali jonli efirda kuzatish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Ma’lum qilinishicha, O‘zbekiston terma jamoasi guruh bosqichida uchta uchrashuv o‘tkazadi. Jamoa 18-iyun kuni soat 07:00 da Kolumbiyaga qarshi maydonga tushadi. Ikkinchi uchrashuv 23-iyun kuni soat 22:00 da Portugaliyaga qarshi bo‘lib o‘tadi.

Guruh bosqichidagi so‘nggi bahs esa 28-iyun kuni soat 04:30 da Kongo terma jamoasiga qarshi o‘tkaziladi. Barcha uchrashuvlar Toshkent vaqti bilan belgilangan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Jahon chempionati guruh bosqichida oq libosda o‘ynashi haqida yozgan edik.

Shuningdek