Mirziyoyev Qirg‘iziston prezidentini tabrikladi

Shavkat Mirziyoyev va Qirg‘iz Respublikasi prezidenti Sadir Japarov ikki davlat o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni kengaytirish hamda strategik sheriklikni mustahkamlash masalalarini telefonda muhokama qildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Muloqot avvalida Mirziyoyev Qirg‘izistonni 2027–2028-yillarda BMT Xavfsizlik Kengashining doimiy bo‘lmagan a’zoligiga saylangani bilan tabrikladi. Ushbu natija Qirg‘izistonning xalqaro maydondagi faolligi va mintaqaviy barqarorlikka qo‘shayotgan hissasi e’tirofi sifatida qayd etildi.
Tomonlar xalqaro tashkilotlar doirasida o‘zaro qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar. Shuningdek, iqtisodiyot, transport, energetika va madaniy-gumanitar sohalarda erishilgan kelishuvlarning amaliy ijrosini tezlashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Suhbat yakunida bo‘lajak oliy darajadagi uchrashuvlar va qo‘shma tadbirlar rejalari ham ko‘rib chiqildi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Mirziyoyev va Putin O‘zbekistondagi AES qurilishiga rasman start berishi haqida yozgandi.