MobiUz 351 mln dollarga sotildi

Davlat aktivlari agentligi MobiUz mobil operatorini xususiylashtirish bo‘yicha xalqaro savdo jarayoni muvaffaqiyatli yakunlanganini ma’lum qildi.
Savdo natijalariga ko‘ra, AQShning McKim and Company kompaniyasi boshchiligidagi investorlar konsorsiumi g‘olib deb topildi. Konsorsium tarkibida texnologik hamkor sifatida JVR Enterprises LLC (JVR Capital Group) ham ishtirok etadi.
G‘olib taklifga muvofiq, MobiUz kompaniyasi $351 mln dollar qiymatda baholandi. Shuningdek, investorlar telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish uchun $500 mlngacha investitsiya kiritishni rejalashtirmoqda.
Xususiylashtirish jarayonida AQSh, Yaponiya, Fors ko‘rfazi davlatlari, Yevropa va Kavkazorti mintaqalaridan 15 dan ortiq investor qatnashdi. Ulardan 10 tasi dastlabki takliflarni, 6 tasi esa majburiy yakuniy takliflarni taqdim etdi.
Jarayonga xalqaro investitsiya banki Rothschild & Co, moliyaviy konsultant sifatida KPMG va mustaqil baholovchi sifatida Deloitte jalb etildi.
Bitimning yakunlanishi uchun endi tegishli davlat organlarining ruxsatlari olinishi va zarur huquqiy hamda korporativ tartib-taomillar bajarilishi kerak.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan MobiUz aloqa operatoriga xakerlar hujum qilgani haqida xabar bergan edi.