Kuvayt aeroportiga qilingan hujum natijasida bir kishi vafot etdi

Eron harbiylari tomonidan Kuvayt aeroportiga qilingan hujum natijasida bir kishi vafot etdi. Bu haqda BBC mahalliy nashrlarga tayanib xabar bermoqda.
Hodisa 3-iyun kuni yuz berdi. Kuvayt rasmiylari zarba aeroport infratuzilmasiga jiddiy zarar yetkazganini ma’lum qildi. Mamlakat Mudofaa vazirligi hujumni «Eronning jinoiy tajovuzi» deb atadi. Tashqi ishlar vazirligi esa ayrim diplomatik missiyalar binolari ham zarar ko‘rganini bildirdi.
Halok bo‘lgan shaxs keyinroq Hindiston fuqarosi ekani aniqlandi. Hindiston Tashqi ishlar vazirligi hujumni qoraladi. Vazirlikka ko‘ra, jarohatlanganlar orasida boshqa hindistonliklar ham bor. Dehli tomonlarni bunday hujumlarni to‘xtatishga chaqirdi.
Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi aeroportga zarba berganini rad etdi. Tehron zarar AQSh raketaga qarshi tizimidagi xato sabab yuzaga kelganini da’vo qildi. AQSh Markaziy qo‘mondonligi bu bayonotni yolg‘on deb atadi. Qo‘mondonlikka ko‘ra, aeroportga zarba Eron tomonidan oldindan hisoblangan va asossiz hujum bo‘lgan.
Eron, shuningdek, Ummon ko‘rfazida AQSh harbiy kemasini nishonga olganini da’vo qildi. AQSh Markaziy qo‘mondonligi bu ma’lumotni ham rad etdi.
Kuvayt Tashqi ishlar vazirligi hujumdan so‘ng ikki nafar eronlik diplomatga mamlakatni tark etish uchun 24 soat vaqt berdi. Shuningdek, Eronning vaqtinchalik ishlar vakili vazirlikka chaqirtirildi.
Avvalroq «Kursiv» Kuvayt aeroporti Eron droni zarbasidan so‘ng parvozlarni to‘xtatgani haqida yozgan edi.