Nazorat xaridi: nikotinli pauchlar taqiqi qog‘ozda qolib ketmoqda

eʼlon qilindi
Kursiv Uzbekistan tahririyati Toshkent ko‘chalari bo‘ylab nazorat xaridi o‘tkazib, taqiqlangan nikotinli pauchlarni topish qanchalik qiyinligini tekshirib ko‘rdi

O‘zbekistonda nikotinli pauchlar (nikotinli yostiqchalar) savdosiga rasman taqiq qo‘yilganiga ikki yildan oshdi. Biroq qonun qog‘ozda qolib, amalda bozor o‘z bilganidan qolayotgandek. Kursiv Uzbekistan tahririyati Toshkent ko‘chalari bo‘ylab nazorat xaridi o‘tkazib, taqiqlangan mahsulotni topish qanchalik osonligini tekshirib ko‘rdi. Natijalar esa kutilganidan ham hayratlanarli: nazorat yo‘q, mahsulot esa istalgan burchakda sotilmoqda.

Nikotinli pauch: u o‘zi nima?

Avvalo, tushunchalarni oydinlashtirib olaylik. Nikotinli pauchlar — bu tarkibida tamaki bargi bo‘lmagan, ammo farmatsevtik darajadagi toza nikotin (xuddi nikotin saqichlari yoki plastirlaridagi kabi) va oziq-ovqat komponentlaridan iborat kichik yostiqchalardir. Ular lab ostiga qo‘yiladi va nikotin qon tomirlariga shilliq qavat orqali so‘riladi.

Nikotinli pauchlar / www.depositphotos.com

Birinchi bekat

Dastlab poytaxtdagi nufuzli savdo markazlaridan biridagi tamaki do‘koniga kirdim. Bu yerda hamma narsa tartibli, peshtaxtada faqat ruxsat etilgan mahsulotlar.

Ikkinchi bekat: «Bozor qonunlari» va terminalsiz savdo

Haqiqiy manzara esa bozorlar atrofida ochildi. Bu yerda qonunlar ham, yangi joriy etilgan «faqat naqd pulsiz savdo» talablari ham shunchaki hayoliy tushunchadek tuyuladi.

Ko‘cha chetidagi kichik rasta oldida to‘xtadim. Sotuvchi ayol — ochiqko‘ngil, lekin o‘ta chaqqon.

— Opa, pauchlar (mashhur brend nomini aytdim) bormi? — deb so‘radim.

Ayol darrov javob qaytardi: — 15 000 so‘m donasi.

— Pachkaligi yo‘qmi? — deb so‘rashimni bilaman, u paketga o‘ralgan bir nechta yostiqchalarni chiqardi: — Mana, hammasidan bitta-bitta qolgan. 80 000 so‘m berasiz.

Shu yerda uni sinab ko‘rmoqchi bo‘ldim:

— Plastik qilsa bo‘ladimi? Kartamda pul bor edi.

Ayolning chehrasi o‘zgardi: — Yo‘q, xolang o‘rgilsin, faqat naqd. Anavi yerdan pul yechib kelavering, olib qo‘yaman.

Xayolimdan o‘tdi: 2026-yil 1-apreldan tamaki mahsulotlarini faqat kartaga sotish kerak emasmidi?

Uchinchi bekat

Boshqa bir nuqtada esa manzara yanada achinarliroq. Sotuvchi ayol hatto mahsulot tarkibini ham bilmaydi.

— Nikotinli pauch bormi? — deb so‘radim.

— Men bilmayman, menda mana shular bor, — deya u menga borligini uzatdi. — 60-65 ming so‘m. Pachkami bu, bilmayman, lekin yaxshi ketadi.

Sotuvchining qo‘lida o‘sha mashhur brendning nikotinli yostiqchalari turardi. Na yosh so‘raldi, na ogohlantirish berildi. Toshkentda nikotinli pauchlarni sotib olish shunchalik oson ekan.

Nega taqiqlar ishlamayapti?

Nazorat xarididan keyin bir xulosaga kelish mumkin: iste’mol to‘xtagani yo‘q, u shunchaki «soyaga» o‘tdi. Path to Smoke-Free ma’lumotlariga ko‘ra, 2024-yilda O‘zbekistonda 43,2 million dona pauch iste’mol qilingan.

Bojxona xodimlari millionlab so‘mlik noqonuniy mahsulotlarni ushlamoqda, lekin bozor o‘z bilganidan qolmayapti. Agar mahsulotga talab bo‘lsa, uni shunchaki taqiqlash — kontrabanda va qora bozorni gullatish degani emasmi?

Faktlar va ilmiy xulosalar: Tanlov qanday bo‘lishi kerak?

2025-yil yanvarida AQShning FDA agentligi 20 turdagi pauchlarni sotishga ruxsat berdi. Sababi oddiy — ular sigaret kabi yonmaydi, tutun va zaharli smola chiqarmaydi.

Pauchni taqiqlashga asosiy sabab sifatida yoshlarni himoya qilish ko‘rsatiladi. Albatta, bolalar nikotin ishlatmasligi kerak. Lekin bugungi nazorat xaridim shuni ko‘rsatdiki, aynan mutlaq taqiq tufayli mahsulot nazoratsiz rastalarga chiqib ketdi.

Yakuniy mulohaza

Toshkent bozorlaridagi tajribam shuni ko‘rsatdiki, bugungi taqiq siyosati kutilgan natijani bermayapti.

Avvalroq yozganimizdek yaqin-yaqingacha nikotinli pauchlar O‘zbekistonda qonuniy va aksiz to‘lanadigan tovarlar toifasiga kirar edi. Qonunchilikka ko‘ra, har bir kilogramm mahsulot uchun 154 ming so‘m miqdorida aksiz solig‘i undirilgan.

Biroq joriy etilgan taqiq vaziyatni tubdan o‘zgartirdi. Bugun nikotinli pauchlar do‘kon rastalaridan g‘oyib bo‘lgan bo‘lsa-da, «qora bozor» va Telegram kanallarda ularning savdosi gullab-yashnamoqda. Davlat esa mahsulot sifati va uning kimga sotilayotgani ustidan nazoratni qo‘ldan boy berdi.

Shuningdek