3 ming dollargacha maosh: Yaponiyada haydovchilik uchun grant dasturiga qabul boshlandi

Yaponiya haydovchilik sohasida faoliyat yuritishni istagan fuqarolar uchun ishlash imkoniyatini beruvchi grant dasturiga qabul e’lon qildi. Bu haqda Migratsiya agentligi xabar berdi.
Dasturda 21 yoshdan 35 yoshgacha bo‘lgan nomzodlar ishtirok etishi mumkin. Talabgorlar D, CE yoki BC toifalaridan kamida bittasi bo‘yicha haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lishi lozim. Shuningdek, guvohnoma olinganiga kamida 2,5 yil bo‘lgan bo‘lishi va nomzod guvohnoma olganidan keyin O‘zbekistonda kamida uch oy yashagan bo‘lishi talab etiladi.
Loyiha doirasida ishtirokchilar Toshkent shahrining Uchtepa tumanida 2026-yil iyun oyidan boshlanadigan sakkiz oylik bepul intensiv yapon tili va kasbiy tayyorgarlik kurslarida tahsil oladi. Dastur davomida yotoqxona bilan bepul ta’minlanishi ko‘zda tutilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Yaponiyada sakkiz oylik ish o‘rganish davrida oylik ish haqi $1350–$1450 mingni tashkil etadi. Haydovchi sifatida mustaqil ishlash boshlanganidan so‘ng esa barcha ustama va bonuslar bilan umumiy daromad oyiga $3 minggacha yetishi mumkin.
Dastur ishtirokchilari ishchi viza, tibbiy va ijtimoiy sug‘urta hamda turar joy bilan ish beruvchi hisobidan ta’minlanadi. Nomzodlarni saralash onlayn suhbat asosida amalga oshiriladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Serbiyada qurilish sohasida bo‘s ish o‘rinlari e’lon qilingan edi.