
OnePlus 16 va iQOO 16 modellari kutilganidan ertaroq taqdim etilishi aytilmoqda. Gizmochina nashrining yozishicha, ayrim Xitoy brendlari yangi flagman smartfonlarini oktabr yoki noyabrni kutmasdan sentabrda chiqarishni rejalashtirmoqda.
Avvalroq Xiaomi, Vivo va Oppo kompaniyalari ham keyingi avlod flagmanlarini sentabrda taqdim etishi mumkinligi haqida xabarlar tarqalgan edi. Yangi ma’lumotlarga ko‘ra, yirik Xitoy ishlab chiqaruvchilaridan biriga tegishli subbrend ham flagman seriyasini 2026-yilning uchinchi choragida chiqarishga qaror qilgan.
Insayder brend nomini ochiqlamagan. Biroq bu Redmi K100 seriyasi bo‘lishi mumkinligi taxmin qilinmoqda. Manbaga ko‘ra, OnePlus 16 va iQOO 16 taqdimoti ham sentabr oyiga ko‘chirilishi ehtimoldan xoli emas.
Regulyator hujjatlari va mahsulotlarni ishlab chiqish jarayoni tezlashtirilayotgani ham shunday taxminlarga asos bo‘lmoqda. Agar bu ma’lumotlar tasdiqlansa, sentabr smartfon bozori uchun yilning eng gavjum oylaridan biriga aylanishi mumkin.
Shunga qaramay, bu ma’lumotlar hozircha rasmiy tasdiqlanmagan. Yakuniy taqdimot sanalari oktabr yoki noyabr oylariga ham surilishi mumkin.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan OnePlus Turbo 6X smartfoni qanday xususiyatlar bilan chiqishi haqida yozgan edi.