San’at va adabiyot sohasidagi tanlov g‘oliblari 300 million so‘mgacha mukofot oladi

O‘zbekistonda madaniyat, san’at va adabiyot sohalarida xalqaro hamda respublika miqyosidagi nufuzli tanlovlar g‘oliblariga 300 mln so‘mgacha bir martalik pul mukofoti beriladi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.
Ushbu yo‘nalishlarni davlat budjeti hisobidan muntazam moliyalashtirish tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Xususan, har yili kamida 50 ta eng sara asarni yaratish uchun shoir va yozuvchilarga ijodiy buyurtmalar beriladi. Shuningdek, opera, simfoniya kabi mumtoz va zamonaviy janrlarda har yili kamida 20 ta yangi asar yaratish uchun davlat buyurtmalari ajratiladi.
Farmonga muvofiq, har yili milliy adabiyotning eng sara 10 ta asari xorijiy tillarga tarjima qilinadi va ularning mualliflari ishtirokida chet davlatlarda taqdimotlar tashkil etiladi. Bundan tashqari, Yozuvchilar uyushmasi tavsiyasi asosida chop etiladigan kitoblar uchun qog‘oz xarajatlari ham qoplanadi. She’riyat va san’atni uyg‘unlashtirgan eng sara 100 ta she’riy konsertni tashkil etish bo‘yicha ham davlat buyurtmalari beriladi.
2026-yil 1-sentabrdan boshlab madaniyat, san’at va adabiyot sohalaridagi nufuzli xalqaro hamda respublika tanlovlari g‘olib va sovrindorlari bir martalik pul mukofotlari bilan rag‘batlantiriladi.
Xalqaro tanlovlar:
- Gran-pri va 1-o‘rin — 300 mln so‘m
- 2-o‘rin — 200 mln so‘m
- 3-o‘rin — 100 mln so‘m
Respublika tanlovlari:
- Gran-pri va 1-o‘rin — 100 mln so‘m
- 2-o‘rin — 50 mln so‘m
- 3-o‘rin — 25 mln so‘m
Shuningdek, tanlovlar g‘olib va sovrindorlarini tayyorlagan o‘qituvchi yoki konsertmeysterlarning oylik ish haqiga bir yil davomida 100 foizgacha ustama davlat budjeti hisobidan to‘lanadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq milliy cholg‘u asboblari xaridining 30 foizini davlat qoplab berishi haqida xabar bergan edik.