Germaniya fuqarolik berish bo‘yicha rekord o‘rnatdi

Germaniya 2025-yilda xorijliklarga fuqarolik berish bo‘yicha yangi rekord qayd etdi. Federal statistika idorasi ma’lumotiga ko‘ra, o‘tgan yili 332,5 ming kishi Germaniya fuqaroligini olgan.
Bu 2024-yilga nisbatan 14 foizga ko‘p. Bu 2000-yildan beri yuritilayotgan statistika tarixidagi eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi. Fuqarolik olganlar orasida eng katta guruhni suriyaliklar tashkil etdi. 2025-yilda taxminan 65,6 ming nafar Suriya fuqarosi Germaniya pasportini olgan.
Keyingi o‘rinlarda Turkiya va Rossiya fuqarolari turibdi. Turkiya fuqarolari orasida naturalizatsiya soni 51 foizga oshib, 34,1 ming kishiga yetgan. Rossiya fuqarolari bo‘yicha ham o‘sish 51 foizni tashkil etdi. 2025-yilda 19,7 ming rossiyalik Germaniya fuqaroligini olgan.
Eng katta o‘sish Bosniya va Gersegovina fuqarolari orasida qayd etildi. Ular bo‘yicha ko‘rsatkich 126 foizga oshib, qariyb 8,8 ming kishiga yetdi. AQSh fuqarolari orasida o‘sish 100 foizni tashkil etdi. 2025-yilda 6,6 ming amerikalik Germaniya fuqaroligini olgan.
Albaniya fuqarolari bo‘yicha esa ko‘rsatkich 97 foizga oshib, 6,1 ming kishiga yetgan. Germaniya Federal statistika idorasi bunday o‘sishni 2024-yil iyunida kuchga kirgan migratsiya islohoti bilan bog‘lamoqda.
Shu bilan birga, Germaniyaga yangi migrantlar oqimi kamaygan. 2025-yilda mamlakatga 1,48 mln kishi ko‘chib kelgan. Bu avvalgi yilga nisbatan 13 foizga kam.
Avvalroq «Kursiv» Germaniyada o‘zbekistonlik yoshlar uchun yozgi kurslar ochilishi mumkinligi haqida yozgan edi.