5-iyundan oliy va kasbiy ta’lim muassasalariga qabul boshlandi

eʼlon qilindi
Abituriyentlar 25-iyunga qadar my.uzbmb.uz platformasi orqali onlayn ro‘yxatdan o‘tishlari mumkin
Foto: Oliygoh.uz

5-iyundan boshlab O‘zbekistonda oliy va kasbiy ta’lim muassasalariga 2026/2027-o‘quv yili uchun qabul jarayoni boshlandi. Bu haqda Oliy ta’lim vazirligi xabar berdi.

Abituriyentlar 25-iyunga qadar my.uzbmb.uz platformasi orqali onlayn ro‘yxatdan o‘tishlari mumkin.

Prezidentning PF-81-son farmoniga muvofiq, bakalavriatga qabul jarayoni «zavval test, so‘ng tanlov» tamoyili asosida ikki bosqichda amalga oshiriladi.

Birinchi bosqichda abituriyentlar test sinovlari uchun ro‘yxatdan o‘tib, fanlar majmuasi, ta’lim tili va imtihon topshirish hududini tanlaydi. Alohida iqtidor talab etiladigan yo‘nalishlarga hujjat topshiruvchilar esa qo‘shimcha ravishda ta’lim yo‘nalishi hamda kasbiy yoki ijodiy imtihon topshiriladigan oliygohni belgilaydi.

Kirish imtihonlari iyul – avgust oylarida o‘tkaziladi. Test natijalari imtihondan keyingi kun e’lon qilinadi.

Ikkinchi bosqichda esa imtihonlar yakunlangach, 15 kun davomida abituriyentlar oliy ta’lim muassasasi, bakalavriat ta’lim yo‘nalishi, ta’lim shakli va tanlov ustuvorligini tanlaydi. Talabalikka tavsiya etilganlar ro‘yxati qabulning ikkinchi bosqichi tugaganidan so‘ng bir hafta ichida e’lon qilinadi.

Shuningdek, texnikumlarda o‘qish istagini bildirgan abituriyentlar oliygohlarga qabul natijalari chiqqanidan keyin 10 kun ichida texnikum, kasb yoki mutaxassislik hamda ta’lim shaklini tanlaydi. Yakuniy natijalar bir hafta muddatda e’lon qilinadi.

Qabul jarayonida fuqarolarga qulaylik yaratish maqsadida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda barcha oliy ta’lim tashkilotlarida «Qabul – 2026» shtablari ish boshladi. Abituriyentlar va ota-onalar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bo‘yicha 1006 va 1195 qisqa raqamlari yoki @EduuzUniversalBot orqali murojaat qilishlari mumkin.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan qayta tashkil etilgan texnikumlarga 21 mingdan ortiq qabul kvotasi tasdiqlangani haqida yozgandi.

Shuningdek