Qurilishga ruxsat olish xarajatlari qisqartiriladi

eʼlon qilindi
2026-yil 1-sentabrdan qurilish obyektlarini nazorat qilishda videokuzatuv kameralaridan foydalanish yo‘lga qo‘yiladi
Qurilishga ruxsat olish xarajatlari qisqartiriladi
Foto: Unsplash

O‘zbekistonda qurilishga ruxsat olish xarajatlari 2 barobargacha qisqartiriladi. Bu haqda prezidentning tegishli farmoni qabul qilindi.

Farmonga ko‘ra, 2026-yil 1-sentabrdan barcha hududlarda qurilish sohasidagi ayrim davlat xizmatlari birlashtiriladi. Natijada yagona davlat xizmati, ya’ni arxitektura va shaharsozlik talabini berish tizimi joriy etiladi. 2026-yil 1-iyuldan obyektlarni muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulash tartibi ham o‘zgaradi.

Tizim qanday ishlaydi

Bu jarayon «1 ta ariza, 1 to‘lov, barcha ulanish nuqtalari» tamoyili asosida amalga oshiriladi. Ya’ni tadbirkor bir nechta alohida murojaat va to‘lov o‘rniga yagona tartib orqali ulanish ishlarini rasmiylashtirishi mumkin bo‘ladi.

Shuningdek, ayrim hollarda loyiha hujjatlarini hududiy kengashlar bilan qayta kelishish amaliyoti bekor qilinadi. Bu tartib bino konstruksiyasi, mustahkamligi va yong‘in xavfsizligiga ta’sir qilmaydigan o‘zgarishlarga taalluqli bo‘ladi.

Bunda obyekt quvvati va maqsadi o‘zgarmasligi, o‘zgarishlar shaharsozlik normalariga zid bo‘lmasligi kerak. Qurilish sohasida davlat xizmatlarini ko‘rsatish jarayonida kamchiliklar aniqlansa, ularni bartaraf etish uchun qo‘shimcha 5 ish kuni beriladi.

2026-yil 1-sentabrdan qurilish obyektlarini nazorat qilishda videokuzatuv kameralaridan foydalanish yo‘lga qo‘yiladi. Yangi qurilishi boshlanadigan ayrim obyektlarda videokuzatuv kameralarini o‘rnatish majburiy bo‘ladi.

Bu talab tadbirkorlar tomonidan quriladigan ko‘p kvartirali uy-joylar, III va IV toifadagi ijtimoiy soha obyektlari, mehmonxona, turizm, savdo va sanoat obyektlariga nisbatan qo‘llanadi. Shuningdek, budjet hisobidan quriladigan va qiymati 3 mlrd so‘mdan yuqori bo‘lgan obyektlarda ham videokuzatuv kameralari majburiy o‘rnatiladi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri O‘zbekistonda uy-joy savdosi yil boshidan buyon 34,8 foizga oshgani haqida yozgan edi.

Shuningdek