O‘zbekiston ekologik ekspertiza bo‘yicha Italiya bilan hamkorlik qiladi

O‘zbekiston va Italiya ekologik ekspertiza tizimiga sun’iy intellektni joriy etish bo‘yicha hamkorlik memorandumini imzoladi. Bu haqda «Dunyo» axborot agentligi xabar berdi.
Hujjat Davlat ekologik ekspertizasi markazi hamda Atrof-muhitga ta’sirni baholash xalqaro assotsiatsiyasining Italiya bo‘limi o‘rtasida imzolandi.
Memorandum ekologik hujjatlarni tahlil qilish, loyihalarni dastlabki baholash va atrof-muhitga ta’sirni prognozlashda sun’iy intellektdan foydalanishni nazarda tutadi.
Shuningdek, yangi texnologiyalarni sinovdan o‘tkazish, milliy metodologiya ishlab chiqish va mutaxassislar uchun xalqaro treninglar tashkil etish rejalashtirilgan. Hamkorlik besh yilga mo‘ljallangan.
Mazkur loyiha ekologik ekspertiza jarayonlarini tezlashtirish, ularning shaffofligi va sifatini oshirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Mirziyoyev Samarqandni Markaziy Osiyoning yashil investitsiyalar va innovatsiyalar poytaxti deb e’lon qilishni taklif etgandi. Prezidentning qayd etishicha, O‘zbekiston Samarqandni mintaqaviy «yashil iqtisodiyot», barqaror rivojlanish va iqlim moliyasi markaziga aylantirishni maqsad qilgan. Shahar pilot «yashil hudud» sifatida rivojlantiriladi. Keyinchalik bu tajriba O‘zbekistonning boshqa shaharlariga ham tatbiq etiladi.