855,9 mln so‘mlik gazdan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlandi

O‘zbekistonda 855,9 mln so‘mlik gazdan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament xabar berdi.
Toshkent shahrida o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda MChJ rahbari noturar binoda tabiiy gaz tarmog‘iga tijorat maqsadida o‘zboshimchalik bilan ulangani aniqlangan. Ushbu holatda 334,9 mln so‘mlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalanilgani qayd etilgan.
Farg‘ona viloyatining Yozyovon tumanida fuqaro xonadonida tijorat maqsadida gaz tarmog‘iga noqonuniy ulangani ma’lum bo‘lgan. Bu holatda yetkazilgan zarar 167,6 mln so‘m deb baholangan. Buvayda tumanida esa fuqaro xonadonidagi novvoyxonada tabiiy gazdan noqonuniy foydalanilgani aniqlangan.
Tekshiruv natijasiga ko‘ra, ushbu holatda 145 mln so‘mlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalanilgan.
Farg‘ona shahrida o‘tkazilgan nazorat tadbirida fuqaro xonadonda tabiiy gaz tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan ulangani fosh etilgan. Bu holatda 105,5 mln so‘mlik tabiiy gaz noqonuniy ishlatilgani aniqlangan.
Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumanida ham shunga o‘xshash holat qayd etildi. Fuqaro xonadonida tabiiy gaz tarmog‘iga ko‘z bilan aniqlab bo‘lmaydigan quvur orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulangan. Mazkur holatda 102,9 mln so‘mlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalanilgani ma’lum bo‘lgan.
Ushbu holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi va 185-2-moddasi bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Andijonda 35 milliard so‘mlik soxta keshbek sxemasi fosh etilgani haqida yozgan edi.