
Chevrolet Tracker avtomobili tarixi ko‘pchilik o‘ylaganidan murakkabroq. Bugungi kunda bu nom ko‘proq zamonaviy shahar krossoveri bilan bog‘lanadi. Ammo Tracker nomining ildizi 1980-yillar oxirida paydo bo‘lgan kichik, ixcham va ramali yo‘ltanlamas avtomobilga borib taqaladi. «Kursiv» nashrining ushbu maqolasida model tarixi haqida so‘z boradi.
Mundarija:
- Modelning ilk yo‘li;
- Yaponiya va Kanada o‘rtasidagi ishlab chiqarish tarixi;
- Ilk Tracker qanday avtomobil edi?;
- Ramali konstruksiya va texnik asos.
Modelning ilk yo‘li
Chevrolet Tracker’ning dastlabki tarixi Yaponiya bilan bog‘liq. GM Heritage arxiviga oid 1989-yilgi MVMA spetsifikatsiya hujjatlarida modelni Suzuki Motor ishlab chiqqani qayd etilgan. Unda ishlab chiqarilgan mamlakat sifatida ham Yaponiya ko‘rsatilgan.

Bu jihat muhim. Chunki birinchi Tracker General Motors tomonidan noldan yaratilgan mustaqil loyiha emas edi. Uning asosiy muhandislik bazasi Suzuki Escudo, Vitara va Sidekick oilasiga borib taqaladi. AQSh bozorida avtomobil dastlab Chevrolet emas, Geo Tracker nomi bilan sotilgan. Geo o‘sha davrda General Motors’ning kichik va arzonroq avtomobillarni taklif qiluvchi brendi edi. Chevrolet Tracker nomi AQShda faqat 1998 model yilidan boshlab ishlatila boshlagan.
Kanadada esa vaziyat boshqacharoq bo‘lgan. U yerda Chevrolet nomi 1989-yilning o‘zidayoq qo‘llangan. Shu sababli Tracker tarixida bozorlar bo‘yicha nomlanish farqlari mavjud.
Yaponiya va Kanada o‘rtasidagi ishlab chiqarish tarixi
Agar «Chevrolet Tracker ilk bor qayerda ishlab chiqarilgan?» degan savolga eng aniq javob berilsa, javob Yaponiya bo‘ladi. Chunki 1989-yilgi rasmiy texnik hujjatlarda avtomobilning kelib chiqishi va ishlab chiqarilgan mamlakati sifatida Yaponiya ko‘rsatilgan.

Biroq Tracker tarixini faqat Yaponiya bilan cheklash noto‘g‘ri bo‘ladi. 1989-yilda GM Canada va Suzuki hamkorligidagi CAMI qo‘shma korxonasi Kanadaning Ontario provinsiyasidagi Ingersoll shahrida Tracker va Sidekick ishlab chiqarishni boshladi.
Shundan keyin CAMI zavodi Shimoliy Amerika bozori uchun asosiy ishlab chiqarish markaziga aylandi. Demak, modelning eng ilk nusxalari Yaponiya bilan bog‘liq bo‘lgan, keyingi yirik ishlab chiqarish esa Kanadada yo‘lga qo‘yilgan.
Bu Tracker tarixining eng muhim jihatlaridan biridir. Avtomobil muhandislik nuqtayi nazaridan Suzuki mahsuloti bo‘lgan, ammo Shimoliy Amerikada GM va Suzuki hamkorligi orqali keng tarqalgan.
Ilk Tracker qanday avtomobil edi?

Dastlabki Tracker bugungi shahar krossoverlariga o‘xshamas edi. U kichik o‘lchamli, ixcham, baland va haqiqiy off-road imkoniyatiga ega SUV sifatida ishlab chiqilgan. 1989-yilgi spetsifikatsiyalarda ikki asosiy kuzov turi ko‘rsatilgan. Ulardan biri ikki eshikli yumshoq tomli canvas-top talqin edi. Ikkinchisi esa ikki eshikli qattiq tomli hardtop versiya bo‘lgan.
Har ikki talqini 4WD tizimi bilan taklif qilingan. Bu uning oddiy shahar avtomobili emas, balki yengil sarguzasht va yo‘ltanlamas imkoniyatga ega model sifatida joylashtirilganini ko‘rsatadi.
Avtomobilning g‘ildirak bazasi 2200 mm, umumiy uzunligi esa 3620 mm bo‘lgan. Ya’ni Tracker juda ixcham o‘lchamga ega edi. Biroq baland kuzov, qisqa old va orqa osilmalar hamda ramali konstruksiya unga murakkab yo‘llarda harakatlanish imkonini bergan.
Ramali konstruksiya va texnik asos

Birinchi Tracker kuzov va shassi birlashtirilgan zamonaviy krossover emasligini anglatadi. Aksincha, uning kuzovi alohida shassi ramasi ustiga o‘rnatilgan. Bu yechim o‘sha davrdagi haqiqiy yo‘ltanlamas avtomobillarga xos edi.
Dastlabki konfiguratsiyada Tracker 1,6 litrli EFI qatorli to‘rt silindrli dvigatel bilan jihozlangan. Motor taxminan 80 ot kuchi va 94 lb-ft aylanish momenti ishlab chiqargan. Standart uzatma sifatida 5 pog‘onali mexanik quti taklif qilingan. 3 pog‘onali avtomatik uzatma esa qo‘shimcha opsiya bo‘lgan.
Suzuki o‘zining Vitara tarixida bu arxitekturani uch eshikli shahar dizayni va kross-country 4WD ruhidagi avtomobil sifatida ta’riflagan. Bu ta’rif Trackerning ikki tomonlama xarakterini yaxshi ochib beradi. U bir tomondan ixcham shahar avtomobili edi, ikkinchi tomondan esa haqiqiy yo‘ltanlamasga xos texnik yechimlarga ega bo‘lgan.
Geo‘dan Chevrolet’gacha bo‘lgan yo‘l

Tracker nomi Chevrolet tarixiga bevosita Geo Tracker orqali kirib kelgan. AQShda model 1989-yilda Geo brendi ostida paydo bo‘lgan. Bu davrda General Motors kichik import va hamkorlik asosidagi modellarni Geo nomi bilan sotgan.
1990-yillar oxiriga kelib Geo brendi bosqichma-bosqich tugatildi. Natijada Tracker AQSh bozorida Chevrolet nomi ostiga o‘tdi. 1998 model yilidan boshlab u Chevrolet Tracker sifatida tanila boshladi. Kanadada esa Chevrolet nomi ancha oldin ishlatilgan.
Trackerning tarixiy ahamiyati
Chevrolet Tracker avtomobil tarixida oddiy model emas. U General Motors va Suzuki hamkorligining yaqqol namunalaridan biri bo‘lgan. Uning orqali GM Shimoliy Amerika bozorida kichik, ixcham va nisbatan arzon SUV segmentida ishtirokini kuchaytirgan. Suzuki esa o‘zining kichik yo‘ltanlamas platformasini kengroq auditoriyaga olib chiqqan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan nashri Chevrolet Onix 2027 avtomobili rasman taqdim etilgani haqida yozgan edi.