Dastlabki urinishlar boshlangan: O‘zbekistonda olmos sanoati qanday holatda

O‘zbekistonda tabiiy olmos xomashyosini xorijdan import qilish hamda unga mamlakat ichida ishlov berib, brilliantga aylantirish bo‘yicha dastlabki ishlab chiqarish jarayonlari boshlangan. Bu haqda Davlat asillik darajasi nazorati inspeksiyasi boshlig‘i Raximjon Boboyev Iqtisodiyot va moliya vazirligida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qildi.
Inspeksiya rahbari Kursiv Uzbekistan muxbiri bergan savolga javob berar ekan, mamlakatning Kimberli jarayoniga a’zoligi ortidan yaratilgan imkoniyatlar va bozordagi real ko‘rsatkichlarga to‘xtaldi.
Olmos importi
O‘zbekiston 2024-yil noyabr oyida xalqaro Kimberli jarayonining 60-a’zosi sifatida ro‘yxatdan o‘tgan edi. Bu munosabat bilan mamlakatda olmos xomashyosini qonuniy import qilish va respublika ichida qayta ishlash uchun barcha normativ to‘siqlar olib tashlandi. Biroq inspeksiya rahbarining so‘zlariga ko‘ra, bu bilan shug‘ullanadigan tadbirkorlar kam.
«To‘g‘ri, hozirgi kunda bitta-ikkita tadbirkorlarimiz tomonidan bu import qilish jarayoni bo‘lyapti. Bu judayam kam hali. Bu hali barmoq bilan sanoqli darajada. Hali unaqa bir shov-shuvli, katta bir import jarayonini ko‘rmayapmiz. Lekin qiziqish bo‘lib, tayyorgarliklar boshlanyapti», – dedi Raximjon Boboyev.
Uning ta’kidlashicha, O‘zbekiston hududida tabiiy olmos qazib olinmagani bois, zargarlik sanoati to‘liq tashqi xomashyoga bog‘liq. Hozirda respublikada tabiiy olmoslarni olib kelib, ularga ishlov berish va brilliantga aylantirish bo‘yicha dastlabki urinishlar boshlangan.
«Statistik ma’lumotlar bo‘yicha ikkita-uchta tadbirkor bu ishni boshlagan… Buning uchun alohida mutaxassislik, kasb talabi kerak. Bizda bor bunaqa mutaxassislar, tadbirkorlar bor, lekin judayam kam. Lekin eng asosiysi, bu ko‘tarilish jarayoni. Birinchi qadam qo‘yildi. Men o‘ylayman, bu yil, kelgusi yillar biz aniq natijalarni ko‘ramiz», – deya qo‘shimcha qildi u.

Sintetik brilliantlar xavfi
Matbuot anjumanida bozorda tabiiy qimmatbaho toshlar o‘rniga sintetik, ya’ni laboratoriyada yetishtirilgan toshlarni haqiqiy deb sotish holatlari nazorati haqida ham so‘z bordi. Raximjon Boboyevning ta’kidlashicha, hozirda sintetik toshlar yoki sun’iy brilliantlar savdosi juda avjiga chiqqan, biroq oxirgi avlod sintetik mahsulotlarini asbob-uskunalar bilan aniqlash judayam qiyin.
«To‘g‘ri, bozorlarda hozir sotilayotgan sintetik ba’zi bir brilliantlarni qurilmalar bilan aniqlab berilyapti. Bizning o‘zimizning inspeksiyani hozir biz shu maqsadda taklif kiritganmiz, viloyatlarda filiallarini ochish. Hozirgi kunda bizda shoxobchalarimiz bor. Lekin shoxobchalar yetarli emas mana shu eng oxirgi avlod narsalarni aniqlashga. Chunki unda maxsus mutaxassislar kerak», – dedi inspeksiya boshlig‘i.
Uning qo‘shimcha qilishicha, hozirgi mavjud shoxobchalarda bunday murakkab tahlillarni amalga oshirish imkoniyati yo‘q va hozircha faqat markaziy inspeksiyaning o‘zida murakkab olmoslarni aniqlash imkoni mavjud. Joylarda tadbirkorlar ham ba’zi qurilmalar yordamida bu xizmatlarni ko‘rsatayotgan bo‘lsa-da, inspeksiya buni yetarli emas deb hisoblaydi.
«Shuning uchun biz hozir taklif kiritganmiz, viloyatlarda filiallarimizni ochish. Biz ular uchun kerakli asbob-uskunalarni xarid qilish jarayonini boshlaganmiz hamda mutaxassislarni o‘qitish jarayonini ham boshlaganmiz… Hukumat qarori qabul qilinsa, biz joylarda o‘z filiallarimiz orqali to‘laqonli bu masalaning yechimini topib, joy-joyiga qo‘yamiz», – deya xulosa qildi Raximjon Boboyev.

Avvalroq «Kursiv» O‘zbekistonda zargarlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlar uchun qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS)ning bir qismini qaytarish tartibi belgilangani haqida yozgan edi.