Andijon devzira oshi geografik ko‘rsatkichlar qatoriga kirdi

eʼlon qilindi
Maqom taomning aynan shu hududdagi tabiiy va ijtimoiy omillar bilan bog‘liq ekanini tasdiqlaydi
Andijon devzira oshi geografik ko‘rsatkichlar qatoriga kirdi / Foto: Hafiza Muxtorova / SI

Andijon devzira oshi geografik ko‘rsatkich sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.

Andijon devzira oshi asrlar davomida shakllangan oshpazlik an’analari, o‘ziga xos tayyorlanish usuli va noyob ta’mi bilan ajralib turadigan milliy taomlardan biri hisoblanadi. Ushbu osh turi, asosan, Farg‘ona vodiysida yetishtiriladigan mashhur devzira guruchi asosida tayyorlanadi.

Devzira guruchi qizg‘ish tusli, zich va sifatli donalari bilan tanilgan bo‘lib, oshga o‘ziga xos ta’m, xushbo‘ylik hamda dona-dona ko‘rinish bag‘ishlaydi. Shu jihatlari tufayli u nafaqat Andijon, balki mamlakatning boshqa hududlarida ham yuqori baholanadi.

Geografik ko‘rsatkich maqomining berilishi Andijon devzira oshi nomi va uning an’anaviy tayyorlash texnologiyasini huquqiy jihatdan himoyalashga xizmat qiladi. Shuningdek, bu mahsulotning o‘ziga xosligini saqlab qolish va sifat kafolatlarini yanada mustahkamlash imkonini beradi.

Mazkur maqom Andijon viloyatining gastronomik salohiyatini namoyon etish, milliy brendlarni rivojlantirish, turizmni qo‘llab-quvvatlash hamda o‘zbek oshpazlik madaniyatini xalqaro miqyosda targ‘ib etishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent to‘y oshi geografik ko‘rsatkich sifatida ro‘yxatga olingan edi.

Shuningdek