Markaziy Osiyo mustaqil iqtisodiy o‘sish markaziga aylanmoqda — prezident

eʼlon qilindi
Forumda ikki davlat o‘rtasidagi sanoat, energetika, raqamli iqtisodiyot hamda investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha qator tashabbuslar ilgari surildi
Markaziy Osiyo mustaqil iqtisodiy o‘sish markaziga aylanmoqda — prezident / Foto: President.uz

Shavkat Mirziyoyev Peterburg xalqaro iqtisodiy forumining yalpi yig‘ilishida nutq so‘zlab, global iqtisodiyotdagi o‘zgarishlar, Markaziy Osiyoning strategik ahamiyati hamda O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi hamkorlik istiqbollari haqida fikr bildirdi.

Davlat rahbari avvalo Rossiya prezidenti Vladimir Putinga forumga taklif va samimiy mehmondo‘stlik uchun minnatdorlik izhor etdi. Shuningdek, Tanzaniya prezidenti Samiya Suluhu Hasan va Xitoy Xalq Respublikasi raisi o‘rinbosari Xan Chjenni qutladi. Prezident Peterburg xalqaro iqtisodiy forumi o‘ttiz yil davomida jahon miqyosidagi dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashish uchun muhim va nufuzli muloqot maydoniga aylanganini ta’kidladi.

Mirziyoyev o‘z nutqida bugungi kunda dunyo chuqur qayta qurish jarayonlarini boshdan kechirayotganini qayd etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, transport yo‘nalishlari o‘zgarib, yangi ishlab chiqarish zanjirlari shakllanmoqda, zamonaviy texnologik platformalar paydo bo‘lib, sun’iy intellekt turli sohalarga keng joriy etilmoqda. Shu bilan birga, energetik, oziq-ovqat va raqamli xavfsizlik masalalari ham yangicha yondashuvlarni talab qilmoqda.

Foto: President.uz

Prezident O‘zbekiston tarixan Buyuk ipak yo‘lining markazida joylashganini eslatib, Samarqand, Buxoro va Toshkent orqali asrlar davomida nafaqat mahsulotlar, balki g‘oyalar, bilimlar va madaniy an’analar ham almashib kelganini ta’kidladi. Davlat rahbarining fikricha, ochiqlik O‘zbekiston uchun tanlov emas, balki tarixiy zarurat va sivilizatsion qadriyat hisoblanadi.

«O‘zbekiston ming yillar davomida Buyuk ipak yo‘lining yuragi bo‘lib kelgan. Samarqand, Buxoro va Toshkent orqali nafaqat mahsulotlar tashilgan, balki g‘oya va bilimlar, madaniy va diniy anʼanalar bir-birini o‘zaro boyitib kelgan. Shuning uchun ham ochiqlik biz uchun doimo tanlov emas, balki hayotiy zarurat va sivilizatsiya kodi hisoblangan», — deya ta’kidladi Mirziyoyev.

U bugungi kunda O‘zbekiston va umuman Markaziy Osiyo mustaqil iqtisodiy o‘sish markaziga aylanib borayotganini, mintaqa Shimol va Janub, G‘arb va Sharq o‘rtasidagi muhim kommunikatsiyalar chorrahasiga aylanishini qayd etdi.

Foto: President.uz

Shavkat Mirziyoyev ushbu tendensiyani mustahkamlash uchun sifat jihatidan yangi darajadagi integratsiya zarurligini ta’kidladi. Bunda nafaqat transport-logistika va energetika yo‘laklarini rivojlantirish, balki raqamli, to‘lov va ishlab chiqarish infratuzilmalarini ham o‘zaro bog‘lash muhimligi qayd etildi. Prezidentning ta’kidlashicha, kuchli, ochiq, iqtisodiy jihatdan bog‘langan va barqaror Markaziy Osiyo barcha hamkor davlatlarning strategik manfaatlariga mos keladi.

Davlat rahbari Rossiyani O‘zbekistonning vaqt sinovidan o‘tgan strategik sherigi va ittifoqchisi sifatida ta’rifladi. Uning ma’lum qilishicha, so‘nggi o‘n yil ichida ikki davlat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi $4 mlrddan $13 mlrdgacha oshgan. Rossiya bilan hamkorlikdagi loyihalar portfeli $50 mlrddan ortiqni tashkil etmoqda. Shuningdek, hududlararo hamkorlik doirasida amalga oshirilayotgan loyihalar hajmi $5 mlrdga yetgan bo‘lsa, yana $5 mlrdlik yangi investitsiya loyihalari paketi tayyorlanmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Mirziyoyev va Putin O‘zbekistonda AES qurilishiga start bergani haqida yozgan edik.

Shuningdek