Meta SI xarajatlari uchun o‘nlab mlrd dollar jalb qilmoqchi

Meta Platforms sun’iy intellekt infratuzilmasi uchun yangi moliyalashtirish manbalarini izlamoqda. Financial Times ma’lumotlariga ko‘ra, kompaniya aksiyalar chiqarish orqali o‘nlab mlrd dollar jalb qilish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.
Facebook va Instagram egasi bo‘lgan Meta katta hajmdagi SI xarajatlarini qoplash uchun turli variantlarni o‘rganmoqda. Kompaniya rahbariyati Alphabet’ning $85 mlrdlik rekord joylashtiruvidan keyin bu masalaga jiddiyroq qaray boshlagan.
Nashr manbalariga ko‘ra, Meta rahbarlari shu hafta kapital jalb qilishning «kreativ» usullarini muhokama qilgan. Mablag‘ asosan sun’iy intellekt uchun zarur data-markazlar va texnik infratuzilmani rivojlantirishga yo‘naltirilishi mumkin.
Meta bu yil SI bilan bog‘liq kapital xarajatlarni $145 mlrdgacha oshirishga tayyorlanmoqda. 2027-yilda esa bu summa yana ko‘payishi mumkin. Kompaniya ilg‘or SI modellarini o‘qitish va ishlatish uchun yirik data-markazlarga ehtiyoj sezmoqda.
Financial Times yozishicha, Meta rahbariyati Alphabet kapital jalb qilish modelini ham o‘rgangan. Alphabet majburiy konvertatsiya qilinadigan imtiyozli qimmatli qog‘ozlar orqali mablag‘ jalb qilgan. Bunday tuzilma kompaniyaga darhol kapital olish imkonini beradi, aksiyalar chiqarilishi esa bir necha yilga kechiktirilishi mumkin.
Hozircha Meta emissiyani tayyorlash uchun banklarni jalb qilmagan. Kompaniya yakunda yangi aksiyalar chiqarmasligi ham mumkin. Manbalardan biri hozir qaror qabul qilishga hali erta ekanini aytgan.
Eslatib o‘tamiz, Meta Instagram va Facebook’da yangi «Series» funksiyasini joriy etgani haqida yozgan edi.