O‘zbekiston Qahramoni Ibrohim G‘afurov 89 yoshida vafot etdi. Prezident hamdardlik bildirdi

eʼlon qilindi
Olim 60 yildan ortiq mehnat faoliyati davomida bir qator unvon va ordenlar bilan taqdirlangan
O‘zbekiston Qahramoni Ibrohim G‘afurov 89 yoshida vafot etdi. Prezident hamdardlik bildirdi / Foto: Facebook

Milliy adabiyot va madaniyat rivojiga katta hissa qo‘shgan atoqli adabiyotshunos olim, adib, tarjimon va jamoat arbobi, O‘zbekiston Qahramoni Ibrohim Usmonovich G‘afurov 2026-yil 6-iyun kuni 89 yoshida vafot etdi. Shavkat Mirziyoyev adib vafoti yuzasidan hamdardlik bildirdi.

Ibrohim G‘afurov 1937-yil 27-dekabrda Toshkent shahrida tug‘ilgan. U Toshkent davlat universitetini (hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti) filolog – o‘zbek tili va adabiyoti o‘qituvchisi mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan. Mehnat faoliyatini 1961-yilda Davlat badiiy adabiyot nashriyotida muharrir sifatida boshlagan va keyinchalik G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyotida bo‘lim mudiri hamda bosh muharrir o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan.

U «O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi bosh muharririning o‘rinbosari, «Milliy tiklanish» gazetasi bosh muharriri sifatida faoliyat yuritib, ma’rifiy va ijtimoiy tashabbuslarda faol qatnashgan. Filologiya fanlari nomzodi bo‘lgan Ibrohim G‘afurov ijodiy va jamoatchilik faoliyatini pedagoglik bilan uyg‘unlashtirib, O‘zbekiston Milliy universiteti va O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida dars bergan, filolog va jurnalist kadrlar tayyorlashda xizmat qilgan.

Ibrohim G‘afurov mamlakatda ko‘ppartiyaviylik va parlamentarizm tamoyillarini rivojlantirishga ham hissa qo‘shgan. U O‘zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi Markaziy kengashi raisi, Oliy Majlis deputati hamda Matbuot va axborot qo‘mitasi raisining o‘rinbosari lavozimlarida faoliyat olib borgan.

Olimning 60 yildan ortiq mehnat faoliyati davomida o‘zbek adabiyotining nazariy va amaliy masalalariga bag‘ishlangan ko‘plab maqolalar, kitoblar va risolalar yaratildi. Xususan, Abdulla Qodiriy, Oybek, Usmon Nosir, Maqsud Shayxzoda, Mirtemir, Zulfiya, Said Ahmad, Erkin Vohidov va Abdulla Oripov kabi adiblar ijodi yuzasidan olib borgan badiiy tahlillari milliy ma’naviyat xazinasiga munosib hissa bo‘lib qo‘shildi.

U badiiy va publitsistik asarlari, adabiy-ma’rifiy filmlar uchun yozgan ssenariylari bilan ham tanilgan. Shuningdek, F. Dostoyevskiy, G. Mopassan, E. Xeminguey, G.G. Markes, J. Joys va Ch. Aytmatov kabi jahon adabiyoti namoyandalarining mashhur asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilib, badiiy tarjimachilik sohasida o‘ziga xos ijodiy maktab yaratgan.

Ibrohim G‘afurovning xizmatlari davlat tomonidan «O‘zbekiston Qahramoni» oliy unvoni, «O‘zbekiston Respublikasi san’at arbobi» faxriy unvoni, shuningdek, «Do‘stlik» va «Mehnat shuhrati» ordenlari bilan taqdirlangan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq aktrisa Dono Boboxonovaning 80 yoshida vafot etgani haqida xabar bergan edik.

Shuningdek