Andijonda IIB xodimi voyaga yetmagan qizni zo‘rlaganlikda gumonlanmoqda

Andijon viloyatida IIB xodimi voyaga yetmagan qizga nisbatan zo‘rlash (nomusga tegish) jinoyati sodir etganlikda gumon qilinib, unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda viloyat prokuraturasi ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, ijtimoiy tarmoqlarda IIB xodimi tomonidan voyaga yetmagan shaxsga nisbatan noqonuniy harakatlar sodir etilgani haqidagi xabarlar tarqalgan. Mazkur holat yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan tekshiruv o‘tkazilgan.
Aniqlanishicha, Qo‘rg‘ontepa tumani prokuraturasi tomonidan 2010-yilda tug‘ilgan voyaga yetmagan qizning 2026-yil 3-iyun kuni yashash manzilidan chiqib ketib, qaytib kelmagani yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilgan.
Tekshiruv davomida Andijon viloyati IIBning voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markazida inspektor-ijtimoiy xodim lavozimida ishlagan shaxs voyaga yetmagan qizni Andijon shahridagi ko‘p qavatli uylardan biriga olib borib, u bilan jinsiy aloqada bo‘lgani aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan 2026-yil 4-iyun kuni IIB xodimiga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 128-moddasi 3-qismi «v» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Sudning tegishli ajrimiga asosan gumonlanuvchiga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq PPX xodimining voyaga yetmagan qizga tegajog‘lik qilgani rad etilgan edi.