
AvtoVAZ Lada Iskra sedanining poyga uchun mo‘ljallangan yangi versiyasini namoyish qildi. Model Sankt-Peterburg xalqaro iqtisodiy forumi doirasida taqdim etilgan.
Poyga avtomobili «TMS Motorsport» kompaniyasi tomonidan tayyorlangan. Loyihada Lada Sport mutaxassislari ham qatnashgan. Yangi sedan 2027-yilda start olishi rejalashtirilgan maxsus monokubok uchun qurilgan. Musobaqaning ilk mavsumi besh bosqichdan iborat bo‘ladi.
Har bir bosqichda ikkitadan poyga o‘tkaziladi. Poygalar davomiyligi 40 daqiqadan 60 daqiqagacha bo‘lishi kutilmoqda. Sport Lada Iskra tashqi ko‘rinishi bilan oddiy versiyadan keskin farq qiladi. Avtomobil keng aerodinamik kuzov to‘plamiga ega bo‘ldi.
Orqa qismda yirik diffuzor va yukxona qopqog‘ida ixcham antikril o‘rnatilgan. Model 17 dyuymli disklar va past profilli shinalar bilan jihozlangan. Avtomobil och havorang kuzov rangida namoyish qilindi. Bu rang 1970-yillarda Tour de Europe musobaqasida qatnashgan poyga VAZ-2101 modeliga ishora qiladi.
Salon ham poyga talablariga moslashtirilgan. Unda xavfsizlik karkasi, ko‘p nuqtali kamarli sport o‘rindiqlari va maxsus sport priborlar paneli o‘rnatilgan.
Lada Iskra 1,6 litrli turbo dvigatel bilan harakatlanadi. Motor 218 ot kuchi va 280 Nm aylanish momenti ishlab chiqaradi. Quvvat old g‘ildiraklarga uzatiladi. Buning uchun 6 pog‘onali sekvental uzatmalar qutisi qo‘llangan. Yangi sport sedan halqa poygalari uchun maxsus ishlab chiqilgan.
Avvalroq «Kursiv» Iskra qayerda arzonroq sotilayotgani haqida yozgan edi.