Toshkent va Xorazmda giyohvandlik vositalari savdosi bilan shug‘ullangan shaxslar ushlandi

Toshkent shahri va Xorazm viloyatida giyohvandlik vositalari savdosi bilan bog‘liq holatlar aniqlandi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati(DXX) ma’lum qildi.
O‘tkazilgan tadbirlar davomida uy sharoitida gidroponika usulida giyohvandlik o‘simliklarini yetishtirib, ularni internet orqali sotish bilan shug‘ullangan shaxs faoliyatiga chek qo‘yildi. Ma’lum qilinishicha, 1996-yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan, muqaddam sudlangan fuqaroning Mirzo Ulug‘bek tumanidagi vaqtinchalik yashash xonadoni ko‘zdan kechirilgan.
Tekshiruvda plastik idishda saqlanayotgan giyohvandlik vositasi, 300 dona zip-paket, izolentalar va elektron tarozi borligi aniqlangan. Dastlabki surishtiruv davomida ushbu shaxs onasiga tegishli Toshkent tumanidagi xonadonda giyohvandlik o‘simliklarini yetishtirayotgani ma’lum bo‘lgan.
Mazkur manzil ko‘zdan kechirilganda 10 tup kannabis o‘simligi va 1 tup quritilgan giyohvandlik vositasi topilgan.
Shuningdek, o‘simliklarni parvarishlashda foydalanilgan kimyoviy vositalar va elektron tarozi ashyoviy dalil sifatida olingan.
Yana bir holat Xorazm viloyatida aniqlangan. «Samarqand Xorazm» yo‘nalishida harakatlanayotgan Cobalt avtomobili Tuproqqal’a tumani hududida to‘xtatilgan. Avtomobil DXX va IIB xodimlari tomonidan tekshirilganda, unda yo‘lovchi sifatida ketayotgan Urgut tumanida yashovchi 2003-yilda tug‘ilgan shaxsga tegishli 810 gramm opiy moddasi borligi aniqlangan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, u qo‘shni davlatdan kontrabanda yo‘li bilan olib kirilgan ushbu giyohvandlik vositasini Xorazm viloyatida sotishni rejalashtirgan. Hozirda uning jinoiy sheriklarini aniqlash bo‘yicha tezkor tadbirlar davom etmoqda.
Har ikki holat bo‘yicha jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, «Kursiv» Denovda gashish sotmoqchi bo‘lgan yigit 10 yilga qamalgani haqida yozgan edi.