Kongoda Ebola virusini yuqtirganlar 515 kishiga yetdi

Kongo Demokratik Respublikasida Ebola bilan bog‘liq holat 515 kishiga yetdi. Mamlakat hukumati ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi bir sutkada yana 27 kishida virus aniqlangan.
Mintaqada Ebola oqibatida vafot etganlar soni 91 nafarga yetdi. Avvalroq Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bosh direktori Tedros Gebreyesus xavfli kontaktlarni aniqlash darajasi yetarli emasligini aytgandi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, hozir epidemiologlar xavfli aloqalarning atigi 45 foizini kuzata olmoqda. Virus tarqalishining oldini olish uchun bu ko‘rsatkich qariyb 90 foiz bo‘lishi kerak. Shu bois dunyodagi epidemiologik vaziyat doimiy kuzatib borilmoqda. Avvalroq Kongoda Ebola yangi shtammidan tuzalgan ilk bemorlar shifoxonadan chiqarilgani xabar qilingan edi.
JSST o‘sha vaqtda erta tashxis sabab sog‘ayganlar soni oshishini kutayotganini bildirgan. May oyi o‘rtalarida JSST Kongo va Ugandadagi Ebola avj olishini xalqaro ahamiyatga ega favqulodda holat deb e’lon qilgan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri JSST xavfli oziq-ovqat sabab yiliga 1,5 mln kishi vafot etishini ma’lum qilgani haqida yozgan edi.