1-sinfga qabul jarayoni 20-iyundan start oladi

O‘zbekistonda yangi o‘quv yili uchun 1-sinfga qabul jarayonlari 20-iyundan boshlanadi. Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, bu yil 795 mingdan ortiq bola birinchi sinfga qabul qilinishi kutilmoqda.
Qabul ishlari ikki bosqichda amalga oshiriladi. Dastlabki bosqich 20-iyundan 31-iyulgacha davom etib, bolalar o‘z yashash hududiga biriktirilgan maktablarga joylashtiriladi.
Keyingi bosqichda esa ota-onalarga mikrohududdan tashqari maktablarga ham hujjat topshirish imkoniyati beriladi. Bu jarayon maktablardagi bo‘sh o‘rinlar va mavjud imkoniyatlardan kelib chiqib hal qilinadi.
Qayd etilishicha, amaldagi tartibga muvofiq, 1-sinfga faqat 7 yoshga to‘lgan bolalar qabul qilinadi. 2026/2027-o‘quv yili uchun bu talab 2019-yil 31-dekabrgacha tug‘ilgan bolalarga tegishli.
6 yoshli bolalar esa maktabga tayyorlov guruhlarida o‘qishni davom ettiradi.
Qabul jarayonlari elektron tizim orqali yuritiladi. Mutasaddilar ota-onalarga hujjatlarni oldindan tayyorlash va rasmiy e’lonlarni kuzatib borishni tavsiya qilmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan 5-iyundan oliy va kasbiy ta’lim muassasalariga qabul boshlangani haqida yozgandi.