Toshkent va Andijon viloyatlarida yangi tayinlovlar amalga oshirildi

Andijon va Toshkent viloyatlarida bir qator kadrlar o‘zgarishlari amalga oshirildi. Bu haqda viloyat hokimliklari ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, Andijon viloyati hokimining jamoat va diniy tashkilotlar bilan aloqalar bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga Abdusattor Otabayev tayinlandi. U mazkur tayinlovga qadar harbiy qismlarda xizmat qilgan.

Shuningdek, Andijon viloyati hokimining o‘rinbosari va viloyat Investitsiyalar, sanoat va savdo boshqarmasi boshlig‘i etib Elmurod Ismoilov tayinlandi. U avval viloyat hokimligida investitsiyalar, sanoat va savdo masalalari bo‘yicha kotibiyat mudiri lavozimida ishlagan.

Nurafshon shahrida Xalq deputatlari shahar Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda shahar hokimi Ilhom Klichxanov boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan lavozimidan ozod etildi.

Nurafshon shahar hokimi etib shu vaqtgacha Olmaliq shahri hokimi bo‘lib ishlagan Qobil Hamdamov tasdiqlandi.
Toshkent viloyati hokimining sanoat korxonalarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga Ruslan Kunarov tayinlandi. Bu lavozim prezident qaroriga muvofiq Toshkent viloyati uchun alohida joriy etilgan.

Shuningdek, Jahongir Mamajonov Toshkent viloyati hokimining o‘rinbosari va Investitsiyalar, sanoat hamda savdo boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlandi. U tayinlovga qadar AQShdagi «JM Group» kompaniyalari bosh direktori sifatida faoliyat yuritgan.

Viloyat hokimligi ma’lumotiga ko‘ra, Ilhom Klichxanov faoliyatini yangi vazifada davom ettiradi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 35 ta tuman va shaharga yangi soliq rahbarlari tayinlangandi. Unga ko‘ra, yangi tayinlovlarda zamonaviy boshqaruv yondashuviga ega, professional va yosh kadrlar tanlab olingan. Shuningdek, rahbarlar tarkibida to‘rt nafar ayol ham bor bo‘lib, ular G‘ozg‘on, Shirin, Muborak va Termiz tumanlarida faoliyat yuritadi.