Bekat narxini oddiy metall konstruksiya bilan solishtirish noto‘g‘ri — YHTEM

eʼlon qilindi
Rasmiy munosabat
Foto: Тоshkent shahar transport bosh boshqarmasi

Toshkent shahrida yo‘l harakatini tashkil etish markazi jamoat transporti bekatlarini modernizatsiya qilish qiymati bo‘yicha tarqalgan xabarlarga rasmiy munosabat bildirdi.

Markaz ma’lumotiga ko‘ra, yangi bekat majmualari faqat metall konstruksiyadan iborat emas. Loyiha hududni tayyorlash, kutish maydonini kengaytirish, yangi perronlar qurish, plitka yotqizish, muhandislik tarmoqlarini o‘rnatish va raqamli xizmatlarni joriy etishni ham o‘z ichiga oladi.

Yangi bekatlarda videokuzatuv kameralari, 112 xizmatiga ulanadigan SOS tugmalari, avtobuslarning kelish vaqtini ko‘rsatuvchi elektron tablolari, telefon quvvatlash stansiyalari, vending apparatlari, o‘rindiqlar va chiqindi qutilari o‘rnatiladi.

Shuningdek, videokuzatuv tizimlari markazlashgan monitoring tizimiga ulanadi. Favqulodda aloqa tugmalari esa dispetcherlik xizmatlari bilan bog‘lanadi. Bu yo‘lovchilar xavfsizligini oshirishga xizmat qiladi.

Loyiha doirasida bekat hududlari ham kengaytirilmoqda. Avtobus eshiklari balandligiga mos perronlar qurilishi natijasida yo‘lovchilar transportga tezroq va qulayroq chiqib-tusha oladi.

Markazning ta’kidlashicha, zamonaviy bekat majmuasi qiymatini oddiy metall konstruksiya narxi bilan taqqoslash to‘g‘ri emas. Chunki xarajatlar tarkibiga infratuzilma, muhandislik, texnologik va servis yechimlarining to‘liq majmuasi kiradi.

Qayd etilishicha, mazkur loyihalar davlat budjeti hisobidan emas, balki davlat-xususiy sheriklik mexanizmlari asosida amalga oshirilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, markaz bundan oldin ham «Aqlli» bekatlar joriy etilishi haqida ma’lumot taqdim etgandi. Markaz xabariga ko‘ra, bu o‘zgarishlar jamoat transportidan foydalanish sifatini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.

Shuningdek