Qarshidagi gaz quyish shoxobchasida portlash yuz berdi

Qashqadaryo viloyatining Qarshi tumanida maishiy gaz ballonlariga suyultirilgan gaz quyish shoxobchasida portlash sodir bo‘ldi. FVV ma’lumotiga ko‘ra, hodisa 8-iyun kuni soat 13:50 da Qarshi tumani «Chaman» MFY hududida yuz bergan.
Portlash haqida Qashqadaryo viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasiga xabar kelib tushgan. Olingan dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, voqea joyiga zudlik bilan qutqaruv bo‘linmalari yetib borgan. Portlash oqibatida yong‘in yuzaga kelgan. Hozirda yong‘inni bartaraf etish ishlari olib borilmoqda.
Hodisa oqibatida jabrlanganlar yoki yetkazilgan zarar haqida hozircha ma’lumot berilmagan. FVV qo‘shimcha ma’lumot keyinroq taqdim etilishini bildirdi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Yashnoboddagi xonadonlardan birida yong‘in sodir bo‘lgani haqida yozgan edi.