Afg‘onistonda pardoz qilgan ayollar hibsga olinmoqda — BMT xavotirda

eʼlon qilindi
Kamida 21 nafar ayol va qiz ushlangan bo‘lishi mumkin
Afg‘onistonda pardoz qilgan ayollar hibsga olinmoqda — BMT xavotirda / Foto: Reuters

BMT Afg‘onistonda ayollarning yuzni ochib yurish va pardoz-andoz cheklovlari ortidan xibsga olinayotganidan xavotir bildirdi. Bu haqda Reuters agentligi ma’lum qildi.

Afg‘onistondagi BMT Yordam Missiyasi (UNAMA) mamlakatning g‘arbiy qismidagi Hirot viloyatida ayollarning kiyinish qoidalariga rioya qilmaganligi sabab hibsga olinayotgani va ushlab turilayotganidan xavotirda ekanini ma’lum qildi. Missiya Tolibon hokimiyatini barcha fuqarolarga teng munosabatda bo‘lishga chaqirdi.

UNAMA qancha ayol bu holatdan jabrlanganiga aniqlik kiritmagan. Biroq mahalliy OAV ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan hafta Hirot viloyatida kamida 21 nafar ayol va qiz ushlangan.

Missiya bayonotida barcha insonlar erkin harakatlanish huquqiga ega ekani, ayollar va erkaklar qonun oldida teng bo‘lishi kerakligi ta’kidlandi.

Xabarlarga ko‘ra, hibsga olishlar Tolibon tomonidan ayollarning jamoat joylarida hokimiyat hijob talablarga rioya etishini nazarda tutuvchi yangi ko‘rsatma e’lon qilinganidan so‘ng kuzatilgan. Yuzini ochib yurganlar yoki pardozdan foydalanganlar jazoga tortilishi mumkinligi haqida ogohlantirilgan.

UNICEFning aprel oyidagi hisobotida agar xotin-qizlar ta’limi va bandligiga oid cheklovlar saqlanib qolsa, Afg‘oniston 2030-yilga borib 25 mingdan ortiq ayol o‘qituvchi va tibbiyot xodimidan ayrilishi mumkinligi qayd etilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq FIFA afg‘onistonlik ayollarga milliy terma jamoa safida o‘ynashga ruxsat bergani haqida yozgan edik.

Shuningdek