«Forish – Nurota» yo‘lini rekonstruksiya qilish bo‘yicha Senator so‘rovi yuborildi

eʼlon qilindi
Yirik ta’mirlash ishlari 2025-yil boshidan buyon surilib kelinmoqda
«Forish – Nurota» yo‘lini rekonstruksiya qilish bo‘yicha Senator so‘rovi yuborildi / Foto: Wikipedia

«Forish – Nurota» avtomobil yo‘lini rekonstruksiya qilish ishlari va «Toshkent – Samarqand» yo‘lidagi transport yuklamasini kamaytirish choralari yuzasidan Transport vaziriga senator so‘rovi yuborildi.

Senatning Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi a’zosi Xusan Ermatov tomonidan yuborilgan so‘rovda mamlakatda ichki turizmni rivojlantirish va aholining dam olish imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarga qaramay, ayrim hududlarga qatnov hanuz ko‘p vaqt talab qilayotgani qayd etilgan.

Ta’kidlanishicha, bayram va dam olish kunlari soni oshirilgan bo‘lsa-da, ko‘plab fuqarolar Toshkentdan o‘zlari tug‘ilib o‘sgan hududlarga borish va qaytish uchun bir necha kun sarflashiga to‘g‘ri kelmoqda. Ayrim hollarda Jizzax va Samarqand viloyatlarining poytaxtga yaqin tumanlariga yetib borishning o‘zi 6 – 8 soatgacha vaqt olmoqda.

Senator so‘rovida yo‘l-ta’mirlash ishlari sabab ayrim yo‘nalishlarda harakatning bir tomonlama tashkil qilingani fuqarolarning e’tirozlariga sabab bo‘layotgani ham qayd etilgan. Xususan, 2025-yil boshida «Nurota – Forish» yo‘lida yirik ta’mirlash ishlari olib borilishi ma’lum qilingan bo‘lsa-da, hozirgacha bajarilgan ishlar haqida ochiq ma’lumot berilmagani ta’kidlangan.

So‘rovda «Forish – Nurota» yo‘lini rekonstruksiya qilish qaysi muddatga mo‘ljallangani, yo‘lning qancha transport oqimini qamrab olishi, shuningdek, yangi pulli yo‘ldan tashqari «Toshkent – Samarqand» yo‘nalishidagi ortiqcha yuklamani kamaytirish uchun qanday aniq choralar ko‘rilayotgani yuzasidan ma’lumot taqdim etish so‘ralgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahri Yunusobod tumanidagi chiqindi stansiyasi yuzasidan senator so‘rovi yuborilgan edi.

Shuningdek