
Zeekr brendining Zeekr 9X avtomobili Xitoyda qimmat SUVlar segmentida yetakchilik qilmoqda. Model $70 ming atrofidagi narx toifasida ketma-ket yetti oy davomida eng ko‘p sotilgan yirik SUV bo‘ldi.
Zeekr 9X Xitoy bozorida 2025-yil 29-sentabrda taqdim etilgan. Olti o‘rindiqli plagin-gibrid krossoverning narxi 465,9 ming yuandan 599,9 ming yuangacha belgilangan. Bu taxminan $68,7 mingdan $88,4 minggacha bo‘lgan narx oralig‘iga teng.
China EV DataTracker ma’lumotlariga ko‘ra, Zeekr 9X’ning jami yetkazib berish hajmi 61 965 donaga yetgan. Kompaniya vakillari model yuqori narxli SUVlar segmentida yetti oy ketma-ket birinchi o‘rinni egallaganini bildirdi.
Zeekr 9X 500 ming yuandan yuqori narxdagi avtomobillar orasida ham kuchli natija ko‘rsatmoqda. Model ushbu toifadagi barcha avtomobillar savdosida 33 foiz ulushga ega bo‘lgan.
Global bozorda qachon

Zeekr 9X global bozorlarga ham chiqishga tayyorlanmoqda. Model 2026-yil iyun oyida Yaqin Sharq bozorida sotuvga chiqariladi. Markaziy Osiyoda taqdimot uchinchi chorakka rejalashtirilgan.
Zeekr dilerlari O‘zbekistonda ham 9X uchun buyurtmalar qabul qilmoqda. Yevropada esa model 2026-yilning to‘rtinchi choragida sotuvga chiqishi kutilmoqda.
Texnik xususiyatlari
Zeekr 9X’dan keyin global bozorlarga Zeekr 8X SUV modeli ham chiqarilishi tasdiqlangan. Zeekr 9X yirik o‘lchamli krossover hisoblanadi. Uning uzunligi 5 239 mm, kengligi 2 029 mm, balandligi esa 1 819 mmga teng. G‘ildiraklar bazasi 3 169 mmni tashkil qiladi.
Taqqoslash uchun, Zeekr 9X Mercedes-Benz GLS’dan 32 mm uzunroq va 75 mm kengroq. Shu bilan birga, u GLS’dan 4 mm pastroq.

Krossover plagin-gibrid kuch qurilmasi bilan jihozlangan. Eng yuqori komplektatsiyada 2 litrli ichki yonuv dvigateli va uchta elektromotor qo‘llanadi. Tizim umumiy 1 381 ot kuchi ishlab chiqaradi.
Zeekr 9X bir quvvat bilan 355 kilometrgacha harakatlana oladi. Aralash yurish zaxirasi esa 1 165 kilometrga yetadi. Model 100 km/soat tezlikka 3,1 soniyada chiqadi. Zeekr 9X’ning yuqori savdo natijalari Xitoyda luks SUVlar segmentida plagin-gibrid modellarga talab kuchayayotganini ko‘rsatmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Zeekr 9X avtomobili qachon eksportga chiqishi haqida yozgan edi.