
Infinix kompaniyasi yangi Smart 20 smartfonini rasman taqdim etdi. Qurilma katta ekran, sig‘imli batareya va Android 16 operatsion tizimi bilan jihozlangan bo‘lib, narxi $145 dan boshlanadi.
Gizmochina xabariga ko‘ra, yangi Infinix Smart 20 modeli 6,78 dyuymli IPS ekran bilan taqdim etildi. Displey HD+ aniqlik va 120 Hz yangilanish chastotasini qo‘llab-quvvatlaydi. Ekran yorqinligi 700 nitgacha yetadi.
Smartfon MediaTek Helio G81 Ultimate protsessorida ishlaydi. Qurilma 4 GB gacha tezkor va 128 GB gacha doimiy xotira bilan taklif etiladi. Shuningdek, microSD karta orqali xotirani 2 TB gacha kengaytirish mumkin.
Model 5200 mA/soat sig‘imli batareyaga ega. U 15 Vt quvvatdagi tezkor quvvatlashni qo‘llab-quvvatlaydi. Bundan tashqari, teskari simli quvvatlash funksiyasi ham mavjud.
Infinix Smart 20 Android 16 asosidagi XOS 16 tizimida ishlaydi. Smartfon old va orqa tomonda 8 megapikselli kameralarga ega.
Qurilmada stereo karnaylar, yon tomondagi barmoq izi skaneri va infraqizil port ham mavjud. Smartfon IP64 standarti bo‘yicha chang va suv sachrashidan himoyalangan.
Shuningdek, UltraLink texnologiyasi yordamida Infinix qurilmalari internet yoki mobil aloqasiz 1 kilometrgacha masofada ma’lumot almasha oladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Infinix Hot 70 smartfoni qanday xususiyatga egaligi ma’lum qilingandi. Qurilma budjet segmentiga mansub bo‘lsa-da, uning asosiy jihati protsessor yoki kamera emas, balki haroratga qarab rangi o‘zgaradigan orqa paneli bo‘ldi.