Toshkent xalqaro investitsiya forumida 8 mingdan ziyod ishtirokchi kutilmoqda

Toshkent xalqaro investitsiya forumida 99 mamlakatdan 8 mingdan ziyod kishilar ishtirok etishi kutilmoqda. Shavkat Mirziyoyevga forumga tayyorgarlik jarayonlari doirasida tegishli axborot taqdim qilindi.
Joriy yil 16 – 18-iyun kunlari bo‘lib o‘tadigan beshinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumida 99 ta mamlakatdan 8 mingdan ziyod ishtirokchi, jumladan, qariyb 3,1 ming nafar xorijiy mehmon qatnashishi kutilmoqda. Tadbirga xorijiy davlatlar hukumatlari vakillari, xalqaro moliya institutlari, yirik kompaniyalar va investitsiya jamg‘armalari rahbarlari taklif etilgan.
Ma’lumotga ko‘ra, ushbu forum O‘zbekistonning investitsiyaviy salohiyatini xalqaro miqyosda namoyon qilish, xorijiy hamkorlar bilan o‘zaro manfaatli loyihalarni shakllantirish va ularni ilgari surish uchun muhim maydonga aylangan. 2022-yilda ilk bor o‘tkazilgan forumda 56 mamlakatdan mingdan ortiq xorijiy mehmonlar qatnashgan.
Forum doirasida yalpi majlislar, ikki tomonlama uchrashuvlar, tarmoq va hududlar taqdimotlari, shuningdek, investitsiya kelishuvlarini imzolash marosimlari va biznes muloqotlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, qishloq xo‘jaligi, sanoat, energetika, IT va boshqa tarmoqlardagi investitsiya imkoniyatlari namoyish etiladi.
Eslatib o‘tamiz, Toshkent III xalqaro investitsiya forumi yakunlari boʻyicha $26,6 milliardlik shartnomalar imzolangan edi.