O‘zbekiston va Gonkong o‘rtasida Biznes kengashi tashkil qilinadi

O‘zbekiston va Gonkong ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish maqsadida Biznes kengash tashkil etiladi bo‘yicha kelishuvga erishildi. Bu haqda Savdo-sanoat palatasi ma’lum qildi.
Markaziy Osiyoga Gonkong maxsus ma’muriy hududi administratsiyasi rahbari Jon Li Kachiu boshchiligidagi yuqori darajadagi biznes missiyasi tashrifi doirasida O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi hamda Gonkong Bosh savdo palatasi (HKGCC) o‘rtasida anglashuv memorandumi imzolandi.
Mazkur hujjat ikki tomonning savdo-iqtisodiy aloqalarini mustahkamlash, investitsiyaviy sheriklikni rivojlantirishga qaratilgan. Muzokaralar shu yil mart oyida O‘zbekistonning Xitoydagi Favqulodda va muxtor elchisi Farhod Arziyevning Gonkong Bosh savdo palatasiga tashrifida boshlangan. Keyinchalik qator uchrashuv va muzokaralar davomida ushbu tashabbus izchil rivojlantirilgan.

Shuningdek, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi delegatsiyasining may oyida Gonkongga tashrifi ham hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishda muhim o‘rin tutgan. Natijada tomonlar O‘zbekiston – Gonkong Biznes kengashini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishdi.
Memorandumga muvofiq tuziladigan Biznes kengashi ikki mamlakat tadbirkorlari o‘rtasida muntazam muloqotni yo‘lga qo‘yish, yangi biznes aloqalarini shakllantirish, qo‘shma loyihalarni ilgari surish hamda savdo va investitsiya sohalaridagi hamkorlikni kengaytirishga xizmat qiladi.
Kelgusida tomonlar biznes-forumlar, «B2B» uchrashuvlar, tajriba almashish tadbirlari va savdo missiyalarini tashkil etish orqali amaliy hamkorlikni yanada faollashtirishni rejalashtirmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent xalqaro investitsiya forumida 8 mingdan ziyod kishilar ishtirok etishi kutilayotgni haqida yozgan edik.