AQSh harbiylari Eron hududiga zarbalar berdi — Axios

AQSh harbiylari Eron tomonidan Amerika harbiy vertolyoti urib tushirilganiga javoban Eron hududidagi havo mudofaasi va radar tizimlariga zarbalar berdi. Bu haqda Axios nashri AQSh Markaziy qo‘mondonligiga (CENTCOM) tayanib xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, zarbalar seshanba kuni AQSh sharqiy vaqti bilan soat 17:00 dan boshlab amalga oshirilgan. Amerika kuchlari Hormuz bo‘g‘ozi atrofida joylashgan Eron havo mudofaasi obyektlari va radar tizimlarini nishonga olgan.
Voqea AQSh armiyasiga tegishli AH-64 Apache vertolyoti qulaganidan so‘ng yuz bergan. Vertolyotning ikki nafar ekipaj a’zosi dron-qayiq yordamida qutqarilgan. Ularning ahvoli barqaror ekani aytilmoqda.
AQSh rasmiysiga ko‘ra, tekshiruv davomida vertolyotga Eron droni urilgani aniqlangan. Natijada u Hormuz bo‘g‘ozi yaqinida qulagan. Biroq hodisa qasddan sodir etilganmi yoki yo‘qmi, tergov hozircha aniqlamagan.
AQSh prezidenti Donald Tramp seshanba kuni Vashington bu hodisaga javob berishi zarurligini aytdi. U ABC News telekanaliga bergan izohida zarbalar «juda kuchli» bo‘lishini ta’kidlagan.
Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchiy AQSh tahdidlariga munosabat bildirib, mintaqaga yaqin joylashgan xorijiy kuchlar doimiy xavf ostida ekanini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Eron diplomatiya tilini afzal ko‘radi, biroq boshqa tillarda ham gaplasha oladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan nashri AQSh vertolyoti Hormuz bo‘g‘ozi yaqinida qulab tushgani haqida yozgan edi.