Janubiy Koreyaga ishga yuborishni va’da qilgan shaxslar ushlandi

eʼlon qilindi
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan
Janubiy Koreyaga ishga yuborishni va’da qilgan shaxslar ushlandi
Foto: iStock

O‘zbekistonning bir nechta hududida fuqarolarni Janubiy Koreyaga ishga yoki o‘qishga yuborishni va’da qilib, ulardan pul olgan shaxslar ushlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Departamentning Xo‘jayli tumani bo‘limi hamda boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro boshqa bir shaxsni yuqori lavozimlarda ishlovchi tanishlari orqali Koreyaga ishga yuborishni va’da qilgan. U buning evaziga $10 250 so‘ragan va kelishilgan pulning $5 mingini olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Yana bir holat Farg‘ona viloyatida aniqlangan. Departamentning viloyat boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda muqaddam sudlangan fuqaro 10 nafar shaxsni $55 ming evaziga Koreyaga o‘qish va ishga yuborishni va’da qilgan. U kelishilgan summadan $4 mingini olgan vaqtida qo‘lga olingan.

Tergovga qadar tekshiruv davomida ushbu fuqaro yana 46 nafar shaxsdan Koreyaga yuborish evaziga jami $196 650 miqdoridagi mablag‘ni firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgani aniqlangan.

Samarqand viloyatida ham shunga o‘xshash holat qayd etilgan. Tezkor tadbir davomida fuqaro ikki nafar shaxsga $12 ming evaziga Koreyaga borish uchun ishchi vizasini rasmiylashtirib berishni va’da qilgan. U kelishilgan puldan $3 mingini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Yana to‘rtta hududda

Andijon viloyatining Oltinko‘l tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa fuqaro boshqa bir shaxsni yuqori lavozimlarda ishlovchi tanishlari orqali Koreyaga ketishi uchun ishchi vizasini olib berishini aytgan. U buning evaziga $6 ming talab qilib, kelishilgan puldan $3 mingini olayotgan vaqtida ushlangan.

Sirdaryo viloyatida ham ikki holat fosh etilgan. Birinchi holatda fuqaro boshqa shaxsni Migratsiya agentligida ishlovchi tanishlari orqali Koreyaga ishga yuborishini va’da qilib, $1,9 ming va 1,2 mln so‘m olgan vaqtida qo‘lga olingan.

Ikkinchi holatda esa muqaddam sudlangan fuqaro boshqa bir shaxsga sport vizasini rasmiylashtirib berish orqali uni Koreyaga ishga yuborishini aytgan. U $4 ming evaziga bu ishni hal qilib berishni va’da qilib, kelishilgan puldan $1,3 ming va 2,4 mln so‘m olgan vaqtida ushlangan.

Navoiy viloyatining Konimex tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro boshqa shaxsni Migratsiya agentligida ishlovchi tanishlari orqali Koreyaga ishga yuborish evaziga $1 ming olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.

Farg‘ona viloyatida aniqlangan yana bir holatda fuqaro ikki nafar shaxsni $9,6 ming evaziga Koreyaga o‘qishga yuborishini va’da qilgan. U oldindan $600 olishni boshqa bir shaxsga topshirgan. Ushbu shaxs pulni olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan nashri Namangan va Toshkentda sifati kafolatlanmagan dorilar savdosiga chek qo‘yilgani haqida yozgan edi.

Shuningdek