Oliy Majlis xorijliklar uchun maxsus soliq rejimi haqidagi qonun loyihasini qabul qildi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi xorijiy fuqarolar uchun maxsus soliq rejimini joriy etish hamda kasbiy ta’limni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qonun loyihasini qabul qildi. Bu haqda quyi palata matbuot xizmati xabar berdi.
Hujjat xorijiy fuqarolarni O‘zbekistonning soliq rezidenti sifatida tan olish hamda ular uchun alohida soliq rejimini qo‘llash tartibini belgilaydi. Maxsus rejim ishtirokchisiga aylangan shaxsning voyaga yetmagan oila a’zolariga ham ayrim imtiyozlar tatbiq etilishi mumkin.
Mazkur maqomni olish uchun xorijiy fuqaro vakolatli bankda hisobvaraq ochishi yoki kriptobirjada hamyon yaratishi talab etiladi. Shuningdek, belgilangan miqdorda maxsus yig‘im to‘lanadi.
Qonun loyihasida dual ta’lim dasturlari bo‘yicha tahsil olayotgan xodimlar uchun ham yengillik nazarda tutilgan. Unga ko‘ra, bunday xodimlarning ish haqidan olinadigan ijtimoiy soliq stavkasi ikki baravarga kamaytiriladi.
Deputatlar fikricha, ushbu norma dual ta’lim tizimini kengaytirish, mehnat bozori uchun zarur bilim, ko‘nikma va malakaga ega mutaxassislarni tayyorlashga xizmat qiladi. Xorijliklar uchun maxsus soliq rejimining joriy etilishi esa investitsiya muhitini yaxshilashga yordam berishi kutilmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 2025-yil oktabr oyida xorijiy fuqarolar uchun maxsus soliq rejimini joriy etish bo‘yicha farmon imzolagan edi. Unga ko‘ra, belgilangan mezonlarga javob beradigan xorijliklar O‘zbekistonda chet el manbalaridan olingan daromadlari bo‘yicha soliqlardan ozod qilinishi mumkin.
Tizim qanday ishlaydi
Maxsus soliq rejimi ishtirokchisi maqomini olish uchun xorijiy fuqaro O‘zbekiston hududida ko‘chmas mulkka ega bo‘lishi yoki uni ijaraga olgan bo‘lishi, shuningdek, 12 oy davomida kamida 30 kun mamlakatda bo‘lishi kerak. Maxsus rejimdan foydalanish uchun to‘lov ariza beruvchining o‘zi uchun $50 ming, har bir voyaga yetmagan qarindoshi uchun esa $10 ming etib belgilangan.
Vazirlar Mahkamasi may oyida xorijiy fuqarolarga maxsus soliq rejimini taqdim etish tartibini tasdiqlagan edi. Arizalar Davlat xizmatlari markazlari, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali yoki Soliq xizmatlarining elektron portali orqali qabul qilinadi. Ular Soliq qo‘mitasi tomonidan tekshiriladi va maxsus komissiya tomonidan uch ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi.
Avvalroq «Kursiv» O‘zbekiston iqtisodiyoti 2030-yilgacha 240 milliard dollardan oshirilishi haqida yozgan edi.