Tarixiy shaxslar aks etgan dori reklamasi uchun jarima qo‘llandi

«Nika Pharm» MChJga «Rinoksil Formula+» dori vositasi reklamasida tarixiy shaxslar obrazidan foydalangani uchun moliyaviy jarima qo‘llandi.
Raqobat qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, reklamada Amir Temur, Ibn Sino, Alisher Navoiy, Jorj Vashington, Yuliy Sezar va Napoleon Bonapart kabi tarixiy shaxslar obrazi ishlatilgan.
Reklamada ushbu dori vositasi go‘yoki ular tomonidan ishlatilgandek turli holatlarda namoyish etilgan.
Qo‘mita bunday reklama tarixiy shaxslar xotirasiga hurmatsizlik, shuningdek, axloq va ma’naviyat normalariga zid ekanini qayd etdi.
«Reklama to‘g‘risida»gi qonunga ko‘ra, reklamada milliy va oilaviy an’analar, axloq hamda ma’naviyat normalariga zid shakl, ibora va obrazlardan foydalanish taqiqlanadi.
Holat yuzasidan Nika Pharm’ga nisbatan ish qo‘zg‘atilib, moliyaviy jarima qo‘llash haqida qaror qabul qilindi.
Shuningdek, kompaniyaga qonunbuzilish holatlarini bartaraf etish va kelgusida bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha majburiy ko‘rsatmalar berildi.
Eslatib o‘tamiz, endi dorilarni ro‘yxatdan o‘tkazish xalqaro standartlarga moslashtiriladi. «Dori vositalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish hujjatlariga qo‘yiladigan talablar to‘g‘risida»gi yo‘riqnoma davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Ushbu hujjatga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 24-noyabrdagi 738-son qarori bilan tasdiqlangan nizomda belgilangan ro‘yxatdan o‘tkazish hujjatlari inson uchun qo‘llaniladigan dori vositalariga qo‘yiladigan texnik talablarni uyg‘unlashtirish bo‘yicha xalqaro kengash (ICH) talablari asosida taqdim etilishi lozim.