Samarqandning chekka hududlariga 1,2 trillion so‘m ajratiladi

Samarqand viloyatida infratuzilma, sanoat va ijtimoiy loyihalarni jadallashtirish maqsadida 1,2 trln so‘m mablag‘ ajratish taklifi ilgari surildi. Shavkat Mirziyoyev viloyat hududlarini kompleks rivojlantirish va aholi turmush darajasini oshirishga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi.
Hududlarning iqtisodiy salohiyatidan kelib chiqib, ularni aniq ixtisoslashuv asosida rivojlantiriladi. Bulung‘ur, Qo‘shrabot, Paxtachi va Kattaqo‘rg‘on tumanlari qishloq xo‘jaligi, chorvachilik va bog‘dorchilik markazlariga aylantiriladi. Bulung‘urda $50 mlnlik naslchilik korxonasi, Qo‘shrabot va Oqdaryoda esa $20 mlnlik naslli jo‘ja yetishtirish korxonalari tashkil etiladi.
Narpay tumani va Kattaqo‘rg‘on shahri sanoat hamda xizmatlar markazi sifatida rivojlantiriladi. Narpayda 100 gektar maydonda sanoat zonasi tashkil etilib, $500 mlnlik loyihalar joylashtiriladi. Loyihalarga Yaponiyaning 10 ta yirik kompaniyasini jalb qilinadi.
Samarqandning tarixiy markazidagi 13 ta ko‘chani piyodalar hududiga aylantirish va yangi turizm obyektlarini yaratish tashabbuslari qo‘llab-quvvatlandi. Bundan tashqari, «Ohalik – Oqbo‘yro – Mironqul» turistik-rekreatsion zonasi kengaytiriladi. Natijada Samarqand shahri, Nurobod va Samarqand tumanlarida mehmonxonalar sonini 850 taga, nomer fondini 20 ming o‘ringa yetkazish rejalashtirilgan.
Yo‘l, ichimlik suvi, kanalizatsiya va elektr ta’minoti tizimlarini yaxshilash, renovatsiya va sanoat loyihalarini infratuzilma bilan ta’minlash maqsadida 1,2 trln so‘m ajratish taklif etildi. Shuningdek, Samarqand viloyati hokimligi huzurida ijtimoiy soha obyektlarini qurish va ta’mirlash jamg‘armasi tashkil qilinishi ma’qullandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq «Forish – Nurota» yo‘lini rekonstruksiya qilish bo‘yicha Senator so‘rovi yuborilgani haqida yozgan edik.