
General Motors (GM) tomonidan Braziliyada 2027-yilgi Chevrolet Onix Log avtomobili sotuvga chiqarildi. Bu haqda GMAutority nashri xabar bermoqda.
Chevrolet Onix Log Braziliyada kengaytirilgan Onix model qatorining yangi talqinlaridan biri sifatida taqdim etildi. Model besh eshikli xetchbek kuzovi asosida ishlab chiqilgan bo‘lib, saloni yuk tashish imkoniyatini oshirish uchun qayta jihozlangan.
Chevrolet Brazil ma’lumotiga ko‘ra, Onix Log professional, korporativ va yengil logistika ehtiyojlari uchun yaratilgan. Kompaniya ushbu modelni past ekspluatatsiya xarajatlari, oson texnik xizmat ko‘rsatish va intensiv foydalanish sikllariga tayyor kompakt avtomobilga muhtoj bizneslar uchun yechim sifatida ta’riflamoqda.
Yangi modelda nimalar bor

Yangi Onix Log‘da ikkinchi qator o‘rindiqlar olib tashlangan. Uning o‘rniga yopiq yuk bo‘limi tashkil etilgan. Yukxona tekis polga ega bo‘lib, mustahkam plastik qoplama bilan himoyalangan. Shuningdek, salonni yuk bo‘limidan ajratib turuvchi maxsus modular konstruksiya ham o‘rnatilgan. Bu yechim yukni salondan ajratish va xavfsizroq joylashtirish imkonini beradi.
Ushbu konfiguratsiyada Chevrolet Onix Log 1045 litr yuk hajmini taklif qiladi. Avtomobilning yuk ko‘tarish quvvati 364 kg ni tashkil etadi. Model asosan yengil va ixcham, ammo qimmatbaho yuklarni tashishga mo‘ljallangan.
Texnik imkoniyatlar

Texnik jihatdan 2027-yilgi Chevrolet Onix Log 1,0 litrli uch silindrli atmosfera Flex dvigatel bilan jihozlangan. Ushbu motor benzin va etanolda ishlay oladi. Dvigatel maksimal 82 ot kuchi va 77 funt-fut aylanish momenti ishlab chiqaradi. U maxsus moslashtirilgan olti pog‘onali mexanik uzatmalar qutisi bilan birga ishlaydi.
Chevrolet’ning ta’kidlashicha, ushbu kuch qurilmasi yuqori yoqilg‘i tejamkorligi bilan ajralib turadi. Kompaniya uni Braziliyadagi eng tejamkor va zamonaviy atmosfera Flex dvigatellaridan biri sifatida ko‘rsatmoqda. Motorning asosiy ustunliklari sifatida ishonchlilik, past xizmat ko‘rsatish xarajatlari va kundalik tijoriy foydalanishga mosligi qayd etilgan.
Chevrolet Onix Log hozirda Braziliyadagi rasmiy dilerlik tarmog‘i orqali sotuvga chiqarilgan. Model professional mijozlar va avtoparklar uchun ixchamlik, tejamkorlik, amaliylik va past xarajatlar kabi afzalliklarni taklif qiladi.
Kompaniya nima deydi

GM’ga ko‘ra, Onix Log yirik avtomobillar harakati cheklangan shahar hududlari uchun ayniqsa qulay. Shuningdek, u elektronika mahsulotlari kabi ixcham, lekin qimmat yuklarni tashiydigan kompaniyalar uchun ham mos variant bo‘lishi mumkin.
Yangi Onix Log model qatoridagi eng tejamkor variant — boshlang‘ich MT komplektatsiyasi asosida ishlab chiqilgan. Shu orqali Chevrolet Braziliyada eng ko‘p ishlab chiqariladigan va eng ko‘p sotiladigan avtomobillaridan biri bo‘lgan Onix’ning tijoriy imkoniyatlarini yanada kengaytirishni maqsad qilgan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri yangi Damas 3 avtomobilini qanday xarid qilish mumkinligi haqida yozgan edi.