Maosh 2500 yevrogacha: Germaniyada hamshiralar uchun ish o‘rinlari e’lon qilindi

O‘rta tibbiyot xodimlari uchun Globogate dasturi doirasida Germaniyada ishlash imkoniyatini beruvchi yangi tanlovga arizalar qabul qilinmoqda. Bu haqda Migratsiya agentligi ma’lum qildi.
Dastur ishtirokchilari Germaniya bo‘ylab turli tibbiyot muassasalarida faoliyat yuritadi. Ish haftasiga o‘rtacha 39 soatni, kunlik ish vaqti esa 8 soatni tashkil etadi. Sinov muddati 3 oy etib belgilangan.
Dasturga 20–36 yoshdagi, 3 yillik tibbiyot kolleji diplomiga ega, sudlanmagan va sog‘lom nomzodlar ariza topshirishi mumkin. Shuningdek, ishtirokchilar 10 oylik bepul nemis tili kurslarida o‘qishga tayyor bo‘lishi hamda dasturdan asossiz voz kechmaslik majburiyatini olishi kerak. Nomzodlar ikki bosqichli tanlovdan muvaffaqiyatli o‘tganidan keyingina dasturga qabul qilinadi.
Loyiha doirasida 10 oylik nemis tili kurslari, stipendiya, turar joy, B2 darajadagi til sertifikati xarajatlari, hujjatlarni tarjima qilish va Germaniyada tasdiqlatish, viza rasmiylashtirish, aviachipta hamda aeroportdan ish joyigacha transfer xizmatlari bepul taqdim etiladi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, dastlabki ish haqi oyiga 1900 yevroni tashkil etadi. Kasbiy malaka Germaniyada tan olinganidan so‘ng, odatda uch oy ichida, maosh 2500 yevrogacha oshadi.
Nomzodlar uchun ro‘yxatdan o‘tish muddati 2026-yil 15-maygacha etib belgilangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yaponiyada 3 ming dollargacha maosh taqdim etuvchi ishlar uchun grant dasturiga qabul boshlangani haqida yozgan edik.