O‘zbekiston sayyohlar oqimi eng tez o‘sayotgan TOP-5 davlat qatoriga kirdi

BMT Turizm tashkilotining World Tourism Barometer hisobotiga ko‘ra, 2026-yilning yanvar – mart oylarida O‘zbekiston xorijiy sayyohlar oqimi eng tez o‘sayotgan besh davlat qatoridan joy oldi. Hisobotda qayd etilishicha, turistlar soni 2025-yilning shu davridagiga nisbatan 37 foizga oshgan.
Taqqoslash uchun, 2026-yilning birinchi choragida dunyo bo‘yicha xalqaro sayohatlar hajmi o‘rtacha 2 foizga ko‘payib, 307 mln kishiga yetgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 6 mln sayyohga ko‘pdir. O‘zbekistonning o‘sish sur’ati jahon o‘rtacha ko‘rsatkichidan ancha yuqori bo‘ldi.
Mamlakat turizm sohasi so‘nggi yillarda rekord natijalarni qayd etmoqda. Xususan, 2025-yilda O‘zbekistonga qariyb 11,7 mln nafar xorijiy sayyoh tashrif buyurgan. 2026-yilning dastlabki besh oyida esa bu ko‘rsatkich 5,3 mlndan oshdi.
Turizm qo‘mitasiga ko‘ra, Samarqand, Buxoro va Xiva kabi tarixiy shaharlardan tashqari, ekologik hamda gastronomik turizm yo‘nalishlariga qiziqish ham ortib bormoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonga qaysi yoshdagi turistlar ko‘proq kelayotgani haqida yozgan edik.